20:20 / 08.08.2021
9361

Surxondaryoda «Neksiya» haydovchisi uxlab qolib YTH sodir etdi. Bir kishi halok bo‘ldi

Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida «Neksiya» haydovchisi boshqaruv paytida uxlab qolib, yo‘l-transport hodisasi sodir etgan. Oqibatda bir kishi vafot etgan. Bu haqda viloyat IIB YHXB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, bugun 8 avgust kuni soat 10:30larda M39 Almati-Toshkent-Termiz avtomobil yo‘lining Sherobod tumanidan o‘tgan 1401-kilometrida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. 

Sherobod-Termiz yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan «Neksiya» mashinasi haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib yo‘l chetiga chiqib ketgan. So‘ng, avval yo‘l chetidagi beton to‘siqqa, so‘ng simyog‘ochga urilgan. Mazkur yo‘l-transport hodisasi oqibatida «Neksiya»da yo‘lovchi sifatida ketayotgan shaxs og‘ir tan jarohatlari olib voqea yuz bergan joyda vafot etgan.

Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, haydovchi charchoq tufayli mashina boshqarib ketayotgan paytida uxlab qolgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 5 avgust kuni M39 xalqaro avtomobil yo‘lining Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidan o‘tgan qismida «Lasetti» haydovchisi yo‘l-transport hodisasi sodir etgan. Oqibatda, mashinada yong‘in kelib chiqib, uning ichida bo‘lgan to‘rt kishi kuyib vafot etgandi. Guvohlarning aytishicha, mazkur yo‘l-transport hodisasiga «Lasetti» haydovchisining boshqaruv paytida uxlab qolgani sabab bo‘lgan. Viloyat IIB kuyib ketgan to‘rt kishining 2 nafari yosh bolalar ekanini ma'lum qilgan.

Top