07:43 / 10.08.2021
38677

Tokio-2020 qahramonlari kutib olindi. Ularga mashina, uy va pul mukofotlari topshirildi

Tokioda o‘tgan yozgi olimpiada o‘yinlari nihoyasiga yetdi. Unda qatnashgan o‘zbekistonlik atletlar 3 ta oltin va 2 ta bronza medal bilan umumjamoa hisobida 32-o‘rinni egalladi.

9 avgust kuni O‘zbekiston olimpiya delegatsiyasi Yaponiyadan qaytib keldi. Jamoani kutib olish uchun Toshkent xalqaro aeroportiga O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov, Senat raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi hukumat a'zolari, OAV vakillari, sportchilarning ota-onalari va muxlislar yig‘ildi.

Delegatsiya kutib olingach, sportchilar jurnalistlar bilan suhbatda turnir borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashishdi.

Olimpiadada bronza medalni qo‘lga kiritgan erkin kurashchi Bekzod Abdurahmonov keyingi rejalar haqida gapirar ekan oldinda jahon chempionati kutayotganini ma'lum qildi: «5 yilda yaratib berilgan sharoitlardan foydalanib natija ko‘rsatmasak, uyat bo‘lardi. Hozircha UFC'ga o‘tmoqchi emasman, chunki ikki oydan keyin jahon chempionati bor. Keyin Osiyo o‘yinlari, keyin qarabsizki, bir pasda Parij olimpiadasi kelib qoladi», dedi kurashchi.

Og‘ir atletikada oltin medalga ega chiqqan Akbar Jo‘rayev Parij olimpiadasida ham g‘olib bo‘lish niyatida ekanligini aytdi: «Qo‘llab-quvvatlagan barchaga rahmat. Bu medal xalqimizniki. 2024 yili Parijda bo‘lib o‘tadigan olimpiadada ham chempion bo‘lishga harakat qilaman».

Shundan so‘ng terminal tashqarisida bezatilgan sahnada olimpiyachilarga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda rahbarlar, chempionlar va ularning onalari so‘zga chiqib, o‘z xursandchiliklarini izhor qilishdi.

Tadbirdan so‘ng delegatsiya avtobuslarda Toshkent shahrining markaziy ko‘chalari bo‘ylab Milliy Olimpiya qo‘mitasi binosiga yo‘l oldi. MOQ binosi oldida sovrindor sportchilarga sovg‘alar topshirildi.

Oltin medal sohiblariga «Tahoe» avtomobili, 200 ming dollar mukofot puli va 3 xonali hovli sovg‘a qilindi. Bronza medalini qo‘lga kiritgan yigitlar esa «Trailblazer» avtomobillari bilan birga 50 ming dollardan mukofot va kvartira olishdi.

A'zamjon Izzatillayev tayyorladi

Tasvirchilar – Mahmud Soliyev va Azimjon Vohidov

Mavzu
Tokio Olimpiadasi
Pandemiya tufayli qoldirilgan 2020 yilgi Yozgi Olimpiada 2021 yil 23 iyulida Yaponiyaning Tokio shahrida rasman boshlanadi.
Barchasi
Top