08:05 / 11.08.2021
3070

O‘zbekistonda 6 oyda har 100 ming aholiga 132ta jinoyat to‘g‘ri keldi 

2021 yil 6 oyida har 100 ming aholi soniga nisbatan 132ta jinoyat to‘g‘ri kelgan. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, 2021 yil 6 oyida 2017 yilning 6 oyiga nisbatan qariyb ikki baravar ko‘p (8 592/15 321) jinoyatlar aniqlangan.

Joriy yil 6 oyi yakuniga ko‘ra, respublikaning 9 251ta mahalladan 4 559tasida (49,3 foiz) birorta ham jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagan.

«O‘z navbatida, jami qayd etilgan 45 630ta jinoyatning 15 881tasi yoki 34,8 foizi avvalgi yillarda sodir etilib, joriy yilda hisobga qo‘yilgan.

Shuningdek, 15 434ta jinoyat (jami 45 630tadan 33,8 foiz) xodimlarning tashabbusi bilan aniqlandi va shunday jinoyatlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 71,4 foizga (9 004tadan 15 434taga) yaxshilandi.

Shu jumladan, xodimlarimiz tomonidan 548ta korrupsiyaviy, 99ta odam savdosi va 322ta kiberjinoyatlar fosh etildi, 368 kg narkotik vositalari, 55 dona o‘qotar qurol va 212 dona o‘q-dorilarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi», dedi ichki ishlar vaziri o‘rinbosari.

Ta'kidlanishicha, avvalgi yillardan ochilmasdan qolgan 3 833ta jinoyat fosh etilgan, qidiruvdagi 1 888 nafar shaxs ushlangan hamda bedarak yo‘qolgan 263 nafar shaxs topilgan.

Top