08:28 / 12.08.2021
2550
Farmatsevtika sanoatida Zarur amaliyotlar markazi tashkil etildi
Foto: Motortion Films/Shutterstock

Vazirlar Mahkamasining “Farmatsevtika sanoatida Zarur amaliyotlar (GxP) talablarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Farmatsevtika mahsulotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish, texnik jihatdan tartibga solish va farmatsevtika tarmog‘iga ilg‘or xorijiy amaliyot va xalqaro standartlarni tatbiq etish bo‘yicha ishlar muvofiqlashtirilishini ta'minlash maqsadida:

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi tarkibidagi Zarur amaliyotlar (GxR) milliy inspektorati bo‘limi ajratib chiqarilib, davlat unitar korxonasi shaklidagi Agentlikning Zarur amaliyotlar markazi etib qayta tashkil etiladi.

Markazning quyidagi asosiy vazifalari belgilandi:

  • farmatsevtika tarmog‘ida faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlarda zarur amaliyotlar (GxP) xalqaro standartlarini joriy qilish ishlarini tashkil etish;
  • zarur amaliyotlar (GxP R) talablariga muvofiqlik bo‘yicha sertifikatlash maqsadida farmatsevtik inspeksiyalar o‘tkazish;
  • O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikaning mahalliy standartlari xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirilishini ta'minlash;
  • dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani yaratish, ishlab chiqarish, muomalasini tartibga solish, sifatini nazorat qilish, texnik jihatdan tartibga solish jarayonlariga xalqaro “ISO” sifat menejmenti tizimini va Zarur amaliyotlar (GxP) qoidalarini joriy qilish sohasida xalqaro hamkorlikni muvofiqlashtirish.

Quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:

  • ko‘rsatilgan pullik xizmatlardan tushadigan mablag‘lar;
  • xalqaro moliya institutlari, xorijiy tashkilotlar, donor mamlakatlar va tashkilotlarning grantlari;
  • jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
  • qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Top