08:05 / 12.08.2021
4070
«Mehribonlik» uylari Milliy gvardiyaga biriktirildi 

“Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.

“Mehribonlik” uylari, Bolalar shaharchalari, oilaviy bolalar uylari va Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimining Bolalar uylari (o‘quv-tarbiya muassasalari) Milliy gvardiyaga biriktirildi. 

Milliy gvardiya tarkibida o‘quv-tarbiya muassasalarida yoshlarning ta'lim va tarbiya olish jarayonlarini hamda ularning bo‘sh vaqtini samarali tashkil etishga mas'ul Milliy gvardiya qo‘mondonining o‘rinbosari lavozimi joriy etildi.

Oilaviy bolalar uylari va Bolalar uylariga hamda vasiylikka, homiylikka yoki oilaga tarbiyaga olingan (patronat) yetim bolalarga (25 yoshga to‘lmagan) Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchi va xodimlari biriktiriladi. 

Biriktirilgan harbiy xizmatchi va xodimlar yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning ta'lim-tarbiya olish ahvolini va maishiy shart-sharoitlarini o‘rganadi.

2022 yil 1 yanvarga qadar Jamoat xavfsizligi universitetida o‘quv-tarbiya muassasalari tarbiyachilarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. 

O‘quv-tarbiya muassasalarida tarbiyalanayotgan, vasiylikka, homiylikka va oilaga tarbiyaga olingan (patronat) qizlarning ijtimoiy holati har yili kamida ikki marotaba o‘rganib boriladi.

Har yili 25 nafar o‘quv-tarbiya muassasalari tarbiyachilari Kasaba uyushmalari federatsiyasi tizimidagi sanatoriylarda bepul davolanadi.

Top