AQShning Viskonsin universiteti biznes-maktabi doktoranti, iqtisodchi Behzod Hoshimov Kun.uz'ga bergan intervyusida sohalarni rivojlantirishga berilayotgan imtiyozlar va ularning iqtisodiyotga ta'siri, mahalliy budjetlarning bir qismi fuqarolar takliflari asosida taqsimlanishi va xususiylashtirish jarayonlari haqida atroflicha so‘z yuritdi.

To‘liq intervyuni yuqoridagi videoda tomosha qiling. Quyida esa suhbatning birinchi qismi matn shaklida taqdim etiladi. Unda turli tarmoqlarni rivojlantirish uchun imtiyozlar va oziq-ovqat mahsulotlari narxlari haqida so‘z boradi.

Imtiyozlarning ko‘pligi bozordagi muvozanatni buzadi, deydi suhbatdoshimiz.

“Biror sohaga imtiyoz berish – qayerga pul tikishni bozordan ko‘ra men yaxshiroq bilaman deyishga teng”

— Iqtisodiyotning u yoki bu sohasiga imtiyoz va preferensiyalar berilishining iqtisodiy oqibatlari qanday bo‘lishi mumkin? Chorvachilik yoki parrandachilik kabi tarmoqlarga imtiyozlar berilishi bu sohalarning kelgusida rivojlanib ketishiga sabab bo‘la oladimi?

— Qonuniyat tariqasida, istisnolar va imtiyozlar yaxshi narsa emas. Lekin ba'zan mantiqqa asoslangan holda imtiyozlar taqdim etilishi ham mumkin.

Ba'zi bir xil alohida imtiyozlarning ko‘lami kichkina bo‘lgani uchun umumiy iqtisodiyotga ta'sir o‘tkazmasa-da, ko‘lami katta imtiyozlarning salbiy ta'siri bor. O‘zi, imtiyozlar berilishining sababi – o‘sha sohaga yetarlicha pul kirib bormayapti, deb hisoblash. Imtiyozlar o‘sha sohaga ko‘proq mablag‘larni jalb qilish uchun taqdim qilinadi. Buning falsafiy ildizi shundaki, biror sohaga imtiyoz berish – qayerga pul tikishni bozordan ko‘ra men yaxshiroq bilaman deyishga teng.

Bir sohaga imtiyozlarning berilishi boshqa sohalardan investitsiya va mablag‘larni, inson kapitalini kamaytirish hisobiga amalga oshiriladi. Biz qaysidir sohaga imtiyoz bersak, investorlar shu sohaga pul tikishni boshlasa, ular boshqa sohalarga ajratishi mumkin bo‘lgan pulni ushbu sohaga ajrata boshlashadi, ya'ni sun'iy tarzda bozor muvozanati buziladi.

Xo‘sh, qanday hollarda imtiyoz berish mumkin? Bu o‘rinda bozorda yo‘q bo‘lgan narsalarni aytish mumkin. Ko‘plab iqtisodiy xatti-harakatlarimizning tashqi ta'sirlari bor; masalan, men bir mahsulotni ishlab chiqarsam, ekologiyaga salbiy ta'sir ko‘rsataman, ana shu salbiy jihat – tashqi ta'sir.

Bu tashqi ta'sirning jamiyatga yetkazayotgan zarari mening buxgalterlik hisob-kitoblarimda aks etmaydi. Men 100 so‘mga olib, 50 so‘m xarajat qilib, 200 so‘mdan sotyapman va 50 so‘m foyda ko‘ryapman, deb hisob-kitob qilaman, vaholanki men 50 so‘m foyda qilayotgan bo‘lsam-da, shu 50 so‘mni deb jamiyatga 100 so‘mlik zarar keltirayotgan bo‘lishim mumkin. Mana shu narsa – tashqi ta'sirlardir.