10:50 / 14.08.2021
27676

Yozda ham deyarli har kuni yomg‘ir: Tog‘lar bag‘ridagi Parda Tursun qishlog‘iga sayohat

Jazirama kunlarda so‘lim va salqin go‘shalar, dam olish maskanlari odatda band bo‘ladi. Biroq hamma ham bilavermaydigan go‘zal manzarali qishloqlar haqida bunday deb bo‘lmaydi. Biz Namangan viloyatining tog‘li hududlaridagi ana shunday ajoyib qishloq haqida hikoya qilmoqchimiz.

Eng avval, ishni so‘lim joylardan mehmon uylar izlashdan boshlaymiz. Turizmni rivojlantirish uchun hududlarda tashkil etilgan mehmon uylari va ularning manzillari bilan tanishamiz. Biz Pop tumanidagi Parda Tursun qishlog‘iga sayohat qilishni maqsad qildik. Internetning qidiruv tizimi, turizm saytlaridan uy mehmonxonalari haqida deyarli ma'lumot topa olmadik. Parda Tursun qishlog‘i haqida ma'lumotlar umuman yo‘q desa ham bo‘ladi.

Shunday bo‘lsa-da, o‘sha yerning o‘zidan joy topishga va dam olish kunini maroqli o‘tkazishga qaror qildik.

Namangan viloyati, Pop tumani markazidan 30-40 kilometr uzoqlikda Imom ota, Madaniyat, Chorkesar va Bunyodkor mahallalari bor. Bu to‘rt mahallani aholi umumiy nomda Parda Tursun qishlog‘i deb ataydi.

Yozuvchi Parda Tursun mana shu hududdagi Chorkesar mahallasida dunyoga kelgan va ushbu hududga keyinchalik uning nomi qo‘yilgan.

Parda Tursun qishlog‘i tog‘ bilan o‘ralgan bo‘lib, yozning jazirama issig‘ida ayniqsa so‘lim go‘sha hisoblanadi.

Ha aytgancha, mehmon uyi topdik. Kun bo‘yi qolishimizni hisobga olib, bitta so‘rini band qildik. Bu so‘ri bir kunga 60 ming so‘mga tushdi. Mehmon uyda bir kecha tunash esa kishi boshiga 25-30 ming so‘mni tashkil etadi. Ba'zi joylarda arzonroq, ba'zi joylarda esa sal qimmatroq ekan.

Parda Tursun qishlog‘ining tabiati juda yoqdi. Faqat bu joylar haqida tashrif buyurmagan odamlar uchun onlayn ma'lumotlar juda kam.

Har kuni yog‘adigan yomg‘ir, mayin shabada, soy suvining shaldirab oqishi maskan jozibadorligini yanada oshiradi.

Hududni sayr qilish uchun eng qulay transport – mototsikllar. Ular yordamida tog‘lar orasida joylashgan sharshara va qorli cho‘qqilargacha yetib borish mumkin.

Qo‘qonlik Asalxon Mirzaqulova ham har yili shu yerga qarindoshlari bilan birga tashrif buyuradi.

– Toza havoning o‘zi kasalliklarimizga davo bo‘ladi, – deydi qo‘shni viloyatdan kelgan mehmon.

Bahavo tabiatli qishloqqa qisqa safarimizdan nafaqat iliq taassurotlar, balki internetda topilmaydigan foto va videokadrlar bilan qaytdik. Ko‘rsatuvni yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Tohirjon Tursunov

Top