11:51 / 15.08.2021
115184

Muftiy Usmonxon Alimov vafot etdi

Moskvaga davolanish uchun olib borilgan muftiy Usmonxon Alimov og‘ir xastalikdan so‘ng vafot etdi.

Foto: O‘zbekiston musulmonlari idorasi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov 71 yoshida vafot etdi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mitadagi manbalar bu ma'lumotni Kun.uz'ga tasdiqladi.

Hozirda muftiy tug‘ilib o‘sgan Samarqand viloyatida dafn marosimiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Joriy yilning iyul oyida O‘zbekiston musulmonlari idorasi muftiyning salomatligi to‘g‘risida internetda tarqalayotgan xabarlarga munosabat bildirib, Usmonxon Alimov salomatligini yaxshilash uchun Moskvada davolanish muolajalarini olayotganini bildirgan edi.

Jamoatchilikni asossiz va voqelikka to‘g‘ri kelmaydigan xabarlarni tarqatmaslikka chaqirgan idora muftiyning salomatligi barqaror ekanligini bildirgandi.

Oradan bir hafta o‘tib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi muftiy Usmonxon Alimov Moskvada o‘pka-qon tomir kasalliklari muolajasini o‘tayotgani va malakali shifokorlar barcha zaruriy chora-tadbirlarni amalga oshirayotgani haqida bayonot berdi.

Usmonxon Alimov Samarqand viloyati Ishtixon tumanida tavallud topgan. 1982—1983 yillarda Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasida, 1983—1987 yillarda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida, 1989—1990 yillarda esa Marokashning «Karaviyn» dorilfununida tahsil olgan.

Usmonxon Alimov Payariq tumanida joylashgan Imom Buxoriy nomidagi jome masjidida 1980—1982 yillarda imom-noib, 1987—1989 yillarda, so‘ngra yana 1990—2006 yillar mobaynida ushbu masjidning imom-xatibi sifatida faoliyat yuritgan.

2000—2006 yillarda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyati vakili, bosh imom-xatibi sifatida ishlagan. 2006 yildan to hozirga qadar O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Mavzuga oid
Top