11:17 / 16.08.2021
10401

Chirchiq daryosi o‘rtasida qolib ketgan 5 nafar fuqaro qutqarildi 

Bo‘stonliq tumani hududidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosi o‘rtasida qolib ketgan 5 nafar fuqaro qutqarildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yilning 15 avgust kuni soat 10:30da Toshkent viloyati Chirchiq shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limi navbatchilik qismiga Bo‘stonliq tumani “Yangiovul” MFY hududidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosi o‘rtasidagi orolchada 5 nafar fuqaro qolib ketgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan. 

Qayd etilishicha, fuqarolar Chirchiq daryosi bo‘yida dam olish maqsadida daryo o‘zanida joylashgan orolchaga o‘tib borishgan. Ammo suv sathining keskin ko‘tarilgani va oqim tezlashgani tufayli orqaga qaytishning imkoni bo‘lmagan.

Mazkur holat bo‘yicha Chirchiq shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limi qutqaruv otryadi suvda qidiruv-qutqaruv guruhi qutqaruvchilari belgilangan hududga yetib borishgan. 

Bildirilishicha, olib borilgan tezkor harakatlar natijasida orolchada qolib ketgan 5 nafar fuqaro maxsus kichik hajmli kemada qirg‘oqqa olib o‘tilgan.

Top