22:18 / 16.08.2021
13494
Hozir ichki ishlar xodimlariga qarshilik uchun jazoni kuchaytirishning vaqti emas - deputat

Deputat Qodir Jo‘rayev hokimiyat vakiliga qarshilik qilganlik uchun jazoni kuchaytirish haqidagi qonun loyihasiga qarshi chiqdi. Uning fikricha, bunday qonunni qabul qilishdan oldin ichki ishlar tizimini o‘z vazifasiga noloyiq xodimlardan tozalash kerak.

Foto: “Adolat” SDP

O‘zbekistonda ichki ishlar organlari xodimlari, milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va boshqa hokimiyat vakillarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatganlik yoki to‘sqinlik qilganlik uchun jazo keskin kuchaytirilishi mumkin.

Jinoyat kodeksining 219-moddasi 1-qismiga o‘zgarish kiritish haqidagi qonun loyihasi 10 avgust kuni O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida ko‘rib chiqilgandi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Adolat” partiyasi a'zosi Qodir Jo‘rayev ushbu qonun loyihasi yuzasidan xavotir bildirdi.

“To‘g‘ri, qonun loyihasi albatta kerak. Chunki boshqa xorijiy mamlakatlar tajribasida ham ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik uchun javobgarlik ancha yuqori. Ammo, umuman olib qaraganda, respublikamizda ichki ishlar organi xodimlari xatti-harakatidan kelib chiqsak, bu loyihani qabul qilish biroz erta deb o‘ylayman.

To‘g‘ri, ijobiy ishlar ham olib borilmoqda. Lekin, bugungi kunda ichki ishlar tizimidagi islohotlar o‘z nihoyasiga yetmagan. Barchangizga ma'lum, ijtimoiy tarmoqlar orqali ichki ishlar xodimlarining xatti-harakati bilan bog‘liq salbiy holatlarni kuzatib boryapmiz. Jumladan, aloqa vositalari orqali berilgan buyruq asosida qonun buzilishlarini aytasizmi, Navoiy va Toshkent viloyatidagi voqealarni olasizmi, “Spark” mashinasidan chiqqan texnika tuzatish ehtiyot qismini (otverka) sovuq qurol deb baholanishi bu tizimdagi muayyan kamchilik va muammolardan dalolatdir.

Bunday holatda mazkur qonunni qabul qilish bu teskari natijalarni berishi mumkin. Avvalo ichki ishlar tizimiga adashib kelib qolgan va o‘z vazifasiga noloyiq xodimlardan tozalagandan keyin qabul qilsak, maqsadga muvofiq bo‘lardi”, – dedi Qodir Jo‘rayev partiya fraksiyasining 10 avgustdagi yig‘ilishida.

Top