07:55 / 16.08.2021
34067

Milliy gvardiyachilar qachon fuqarolar mashinasidan majburiy tartibda foydalanishi mumkinligi aniqlashtirildi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlari tomonidan davlat organlari, boshqa tashkilotlar va fuqarolarning transport vositalaridan majburiy tarzda foydalanish natijasida yetkazilgan mulkiy zararning o‘rnini qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Hujjat "O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘g‘risida"gi Qonunga muvofiq qabul qilingan.

Nizom quyidagilarni nazarda tutadi:

  • Milliy gvardiya organlari harbiy xizmatchilari (xodimlari) tomonidan xizmat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq hollarda davlat organlari, boshqa tashkilotlar va fuqarolarning transport vositalaridan majburiy tartibda foydalanish tartibi;
  • majburiy tartibda foydalanish natijasida yetkazilgan mulkiy zararning o‘rnini qoplash masalalari bo‘yicha doimiy komissiyalarni tashkil etish, transport vositasidan majburiy tarzda foydalangan Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi (xodimi) hamda transport vositasining egasi yoki uning vakili murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi;
  • transport vositasi egasiga yetkazilgan mulkiy zarar miqdori to‘g‘risidagi zarur ma'lumotlarni to‘plash, mulkiy zarar miqdorini aniqlash hamda mulkiy zararni qoplash tartibi;
  • mulkiy zarar miqdorini aniqlash hamda uning o‘rnini qoplash bilan bog‘liq xarajatlarni amalga oshirish manbalari.

Milliy gvardiya organlari harbiy xizmatchilari (xodimlari) xizmat vazifalarini bajarish bilan bog‘liq quyidagi hollarda davlat organlari, boshqa tashkilotlar va fuqarolarning transport vositalaridan majburiy tartibda foydalanishi mumkin:

  • shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj fuqarolarni tibbiyot muassasalariga yetkazishda;
  • jinoyatlar sodir etishda gumon qilinayotgan shaxslarni ta'qib qilish va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga olib borishda;
  • hodisa joyiga yetib borishda.

Ushbu holatlarda transport vositalari haydovchilari Milliy gvardiya organlari harbiy xizmatchisining (xodimining) transport vositasidan majburiy tarzda foydalanish talabiga bo‘ysunishi shart.

Milliy gvardiya tomonidan transport vositasidan majburiy tarzda foydalanilganda, transport vositasining egasiga harbiy xizmatchi (xodim) o‘z identifikatsiyalovchi hujjatini berishi shart.

Transport vositasi egasi Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi (xodimi) tomonidan transport vositasidan foydalanish uchun harbiy xizmatchi (xodim) identifikatsiyalovchi hujjatini taqdim etmagan taqdirda, harbiy xizmatchining (xodimning) talabini bajarmaslik huquqiga ega.

Quyidagi tashkilotlarning yoki fuqarolarning transport vositalaridan Milliy gvardiya tomonidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi:

  • xorijiy davlatlarning diplomatik, konsullik va boshqa vakolatxonalariga, xalqaro tashkilotlarga tegishli bo‘lgan transport vositalari;
  • maxsus mo‘ljallangan va tovush chiqaruv moslamalari (sirena) o‘rnatilgan transport vositalari hamda Hukumat rahbarlarini olib yuruvchi, tez tibbiy yordam, yong‘in o‘chirish, konvoy, inkassator xizmatlarining transport vositalari;
  • shahar yo‘lovchi tashish transport vositalari.

Milliy gvardiya organlari tomonidan transport vositalaridan majburiy tarzda foydalanish natijasida yetkazilgan mulkiy zararning o‘rni sxemaga muvofiq qoplanadi.

Top