11:32 / 18.08.2021
10472

2021 yilning dastlabki 7 oyida 937 nafar xorijlik ayol O‘zbekistonga kelin bo‘lgan – DXA

Davlat xizmatlari agentligi 2021 yilning dastlabki 7 oyidagi nikoh qayd etilishi va tug‘ilish bilan bog‘liq statistik ma'lumotlarni e'lon qildi.

Unga ko‘ra, FHDYo organlari tomonidan 2021 yilning yanvar-iyul oylarida O‘zbekiston fuqarolari o‘rtasida jami 143 ming 555ta nikoh qayd etilgan. Eng ko‘p nikoh Samarqand viloyatida (16 ming 680ta) va eng kam nikoh Sirdaryo viloyatida (3 ming 667ta) qayd qilingan.

Eng ko‘p quda-andalik rishtalarini bog‘lagan hududlar sifatida Toshkent shahri va Toshkent viloyati keltirilgan. Ushbu ikki qo‘shni hudud o‘rtasida jami 1517ta nikoh qayd etilgan. Shuningdek, ro‘yxatda Sirdaryo va Jizzax aholisi o‘rtasida 519ta, Samarqand va Jizzax aholisi o‘rtasida 460ta nikoh qayd etilgan.

Ushbu davrda ikki tomon ham xorij fuqarosi bo‘lgan shaxslarning jami 96ta nikohi qayd etilgan, shundan eng ko‘p nikoh Toshkent shahrida (16ta) va Surxondaryo viloyatida (13ta) qayd qilingan.

O‘zbekiston FHDYo organlari tomonidan 2021 yilning yanvar-iyul oylarida jami 2113 nafar O‘zbekiston fuqarolari bilan chet ellik fuqarolar o‘rtasida nikoh qayd qilinib, shundan 1272 nafar o‘zbekistonlik ayollar xorijlik erkaklarga turmushga chiqqan bo‘lsa, 937 nafar xorij fuqarolari bo‘lgan ayollar O‘zbekistonga kelin bo‘lgan.

“Eng ko‘p xorijlik kuyovlarimiz Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Koreya Respublikasi, Amerika Qo‘shma Shtatlari fuqarolari bo‘lib, eng ko‘p kelinlarimiz Qozog‘iston, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston, Gruziya, Ozarboyjon mamlakatlari fuqarolarini tashkil etmoqda”, – deyiladi Agentlik ma'lumotida.

Shuningdek, O‘zbekistonda FHDYo organlari tomonidan 2021 yilning yanvar-iyul oylarida ota-onasi xorijiy mamlakat fuqarosi bo‘lgan jami 385ta bola tug‘ilishi qayd etilgan. Bunda, eng ko‘p tug‘ilish Surxondaryo (70ta) va Qashqadaryo (43ta) viloyatlarida qayd qilingan.

Mavzuga oid
Top