08:30 / 21.08.2021
4652

DXSh loyihalarini moliyalashtirish tartibi belgilandi

Vazirlar Mahkamasi tomonidan «Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish va ularni moliyalashtirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi.

«Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim doirasida xususiy sherikning va (yoki) kreditorning (kreditorlarning) manfaatlarini himoya qilish maqsadida qo‘llab-quvvatlashning quyidagi turlari taqdim etilishi mumkin:

subsidiyalar, shu jumladan xususiy sherikning DXSh loyihasini amalga oshirishdan oladigan, kafolatlangan eng kam daromadini ta'minlashga yo‘naltiriladigan subsidiyalar;

DXSh loyihalarini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan aktivlar va mol-mulk tarzidagi qo‘yilmalar;

DXSh loyihasini amalga oshirish jarayonida ishlab chiqarilgan yoki yetkazib berilgan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) muayyan miqdorini yoki bir qismini iste'mol qilganlik yoki ulardan foydalanganlik uchun to‘lovga yo‘naltiriladigan O‘zbekiston Respublikasi budjeti tizimining budjet mablag‘lari;

budjet ssudalarini, qarzlarini, grantlarini, kredit liniyalarini va moliyalashtirishning boshqa turlarini berish;

investorlar tomonidan majburiyatlar bajarilishini ta'minlash maqsadida o‘zaro kelishuvga ko‘ra qo‘shimcha kafolatlar;

soliq imtiyozlari va preferensiyalari, shuningdek boshqa imtiyozlar;

boshqa kafolatlar va (yoki) kompensatsiyalar.

Quyidagilar tasdiqlandi:

Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini moliyalashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizom (1);

2021 yilda O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan davlat-xususiy sheriklik loyihalarining manzilli ro‘yxati.

Nizom (1) davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi budjeti tizimining budjet mablag‘lari, subsidiyalar, budjet ssudalari va kredit liniyalarini berish tartibini belgilaydi. Moliyalashtirish va qo‘llab-quvvatlashning har bir turi bo‘yicha ariza berish va uni ko‘rib chiqish tartibi, xarajatlarni tahlil qilish, DXSh loyihasini amalga oshirish uchun mablag‘lar ajratish mexanizmi nazarda tutiladi.

Top