17:45 / 21.08.2021
17273

Intihoning ibtidosi. Lukakuning qaytishi haqida

Angliyada ushbu mavsumda men uchun eng qiziq bo‘lgan mavzulardan biri – Romelu Lukaku. Bir paytlar uni kamtarroq narxga sotib yuborgan «Chelsi» salkam rekord narxga – 97 million funtga qaytarib oldi. Xo‘sh?

Tabiiyki, Romelu juda iqtidorli futbolchi, ayni paytda jahonda eng yaxshi besh «to‘qqizlik»dan biri. Tabiiyki, APLda shakllangan futbolchi uchun yana u yerda o‘ynash muammo tug‘dirmaydi, ma'lum miqdorda gollarini uradi, uning maydonda yo‘qolib qolishini tasavvur ham qilib bo‘lmaydi. Lekin u «Chelsi»ni aynan to‘qson yetti million funtlik darajada kuchaytira oladimi?

Hamma gap Tomas Tuxelning o‘yin uslubida, bilmadim, men hech qachon Lukakuni aynan «tuxelbop» futbolchi demagan bo‘lardim. Konte uchun ha, italiyalik murabbiyning o‘yin uslubi ham, sxemasi ham aynan Lukaku degan futbolchining ustunligi-yu kamchiliklari ustiga qurilgandek. Bekorga «Chelsi»da ham, keyin «Inter»da ham Konte aynan Lukakudan boshqasini istamasligini aytib kelmagan. Biroz pala-partish, lekin tezkor, o‘tish fazalariga urg‘u beriladigan, ochiq zonalar paydo qilish butun jamoaning maqsadi bo‘ladigan Konte futbolida belgiyalik hujumchi «suvga tushgan baliqdek bo‘lib qolishi» sir emas endi. Ammo Tuxel biroz akademik, statist murabbiy, uning uchun futbol Kontedan farqli ravishda kurash emas, o‘yin. Urg‘u ham xuddi boshqa zamonaviy nemis murabbiylari (Kloppdan boshqa) singari, to‘pni, o‘yinni, zonalarni rejali, ko‘rsatmalarga rioya qilgan holda nazorat qilishga beriladi. «Sen bu yerda turasan, sen mana bu yerni to‘ldirasan, falonta uzatishdan keyin, to‘p senga yetib keladi, shu paytda mana bu ishni qilasan» – bu sharoitda Lukakuni tasavvur qila olasizmi? Men, yo‘q.

Albatta, Tuxeldan aqlli emasmiz, to‘g‘rimi, biz o‘ylagan to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri narsalar uning ham xayolidan kechishi shubhasiz. Axir u holda nega murabbiy Lukaku uchun mana shuncha million funt sarflashga rozi bo‘ladi? Axir bunday transferlar yuz foizlik ishonch bilan amalga oshirilmaydimi? Menimcha, yo‘q.

Keling, biroz tasavvur qilamiz. Mana, «Chelsi» fevralda murabbiy almashgandan so‘ng, Angliyada eng yaxshi futbolni namoyish qildi, Chempionlar Ligasini yutdi, ya'ni Yevropada ham eng yaxshi jamoa bo‘ldi. Tabiiy ravishda, yangi mavsumda londonliklar barcha turnirlarda asosiy favoritlardan biri bo‘lishi kerak. Endi savol tug‘iladi, mana shunday top o‘lchamlarga o‘tsak, jamoaning transfer yordamida hal qilishi lozim bo‘lgan asosiy muammosi nima edi?

Darvozabon hal, himoyada besh nafar markaziy himoyachidan tashqari, har ikki qanotda teng kuchli ikkitadan himoyachi bor, markaz ham, hujumkor vingerlar ham yetarli. «Chelsi»ga yetishmagan yagona murvat muntazam gollar urishi kerak bo‘lgan, ya'ni aynan gollarga javob beradigan hujumchining yo‘qligi edi. Haverts ham, Ziyosh yoki Pulishich ham odatda ancha sermahsul futbolchi bo‘lishsa-da, hech qachon bunga javobgar bo‘lishmagan, boshqacha so‘z bilan aytganda, hech kim ularning nechta o‘yindan beri gol urmayotganini hisoblamagan hech qachon. Abraham, baribir, bu bosimda o‘ynay olmadi, Vernerga ham nimadir bo‘ldi – hujumchi shart.

Aynan top hujumchi, chunki Moreno, Yovich yoki Jyeko kabi opsiyalar yulduzli va biroz xudbin yarimhimoyachilar guruhida «tarjyetmen» bo‘la olishmasa kerak. Afsuski, bugungi kunda futbolda, ayniqsa transfer bozoridagi sof hujumchilar barmoq bilan sanoqli – Benzema, Levandovski, Holand, Lukaku, Keyn...

Nomzodlarni mana shunday saralab olganimizda, mantiqni tushunishimiz osonroq kechadi. «Chelsi» avval Holandni sotib olmoqchi bo‘ldi. U va Keyn deyarli savdoda bo‘lsa-da, muzokaralar juda qiyin va ko‘proq pul ketishi aniq edi. Levandovski va Benzemani qiziqtirish yanada qiyinroq, klublar bilan kelishgan taqdirda ham, ularni Londonga ko‘chib o‘tishga ko‘ndirish yana bir masala. Bir qaraganda, Lukakudan boshqa variant qolmayapti – o‘z vaqtida «Chelsi»da ulg‘aygan, Italiyada yutadiganini yutib bo‘lgan futbolchi va xuddi shu kayfiyatda yulduzlarini sotishga bel bog‘lagan klub. Pulini to‘la va ol!

«Chelsi»da transferlar o‘ziga xos tarzda hal qilinadi, u yerda katta sport bo‘limidan tashqari, Abramovich bor, Granovskaya bor, balkim bir yil o‘tmay ham ketib qolishi mumkin bo‘lgan murabbiyga ishonib, bozordagi top-hujumchini sotib olish imkoniyatini kechiktirib o‘tirishmaydi. Bir yil o‘tib Lukakuni sotib olish mumkin bo‘ladimi, yo‘qmi, noma'lum. Nega olmaslik kerak?

Endi Tuxel bo‘lib ko‘ramiz. Bilasizmi, agar Verner yana bir yilda «Leypsig»da yurganida, mana shu yozda Tuxel o‘ziga goleador hujumchi sifatida aynan uning transferini talab qilgan bo‘lardi, bunga aminman. Zero, o‘yin uslubi, pozitsiyasi, ko‘p jihatdan u aynan Tuxelga mos keladi hamda Bundesligada u muntazam gol urib turardi. O‘sha xarakteristka bilan Verner «Chelsi»ga yetishmayotgan murvatdek tuyulardi, menimcha. Lekin Timo allaqachon Londonda va endi undan ko‘p gol kutishmayapti ham.

«Chelsi» sport bo‘limi oldimizga kirdi va:

«Janob, jamoaga to‘purar yetishmayapti, agar bu masala ham hal qilinsa, barchasi to‘liq o‘rniga tushadi. Shuning uchun Lukakuni sotib olishga nima deysiz, bizga begona emas, kelishish ham oson, pul ham bor, hammasi juda tez va oson hal bo‘ladi».

Albatta, ertaga, «aytuvdim-ku, Lukaku uslubimga unchalik mos tushmaydi» deb mabodo qachondir oqlash uchun Tuxel qanaqadir javob ham bergandir, lekin umumiy olganda, nega endi murabbiy o‘z jamoasi uchun qo‘shimcha opsiyadan voz kechishi kerak? Pul undan ketmayapti, Lukakuning jamoaga foydasi tegsa tegadiki, zararsiz, yetarlicha gollar ham uradi, kerak bo‘lganda bosim qilish, o‘yinni ancha soddalashtirib ham natijaga erishish imkoniyati ham bo‘ladi. Kim bunga e'tiroz qilishi mumkin, to‘g‘rimi?

Hamma ham Gvardiola emas. Gvardiola bo‘la olmaydi, aniqrog‘i. Shu o‘rinda yana bir paradoks holat, qarang, «Manchester Siti» Keyn uchun 150 million yevro puldan voz kechishga tayyor, lekin agar bu transfer amalga oshmasa, klub boshqa variant izlamaydi. Tasavvur qilyapsizmi, aslida to‘ldirish shart bo‘lmagan pozitsiya uchun 150 million yevro sarflanmoqda go‘yo. Nega masalan, agar Keyn kelmasa, o‘rniga bundayroq hujumchini sotib olish kerak emas?

Gap shundaki, Pep ma'lum bir «skill» (qobiliyat) uchun futbolchi sotib olmaydi. Uning jamoasida faqat bosh bilan yaxshi o‘ynaydigan, faqat himoyalana oladigan, faqat yaxshi pressing qiladigan tor funksiyali futbolchilar bo‘lmagan, bo‘lmaydi. Ayniqsa, «Bavariya» va «Siti»da. Uning shogirdlari barchasini ma'lum darajadan yuqori sifatda amalga oshirishi shart. Shuning uchun ham, unga yo top hujumchi kerak yoki hech kim. Keyn kelmasa, Grilish, Sterling yoki De Bryuyneni hujumda o‘ynatib yuradiki, shunchaki, «to‘qqizlik» sotib olmaydi.

Tuxel ham g‘oyaviy tomondan o‘xshab ketadi, lekin uning «Chelsi»dagi o‘rni, umuman, «Chelsi»dagi boshqaruv tizimi biroz farqli, unda Lukakudan voz kechadigan darajada mustahkam pozitsiya hali yo‘q. Ertaga xuddi o‘tgan yilgi kabi to‘purar futbolchi yetishmay qolganda javobgar bo‘lishni istamaydi.

Demak, sening jamoangni rang-barang qilishi mumkin bo‘lgan top hujumchini olib berishsa, buning uchun sen hech qanday bosim his qilmasang, aksincha, uni rad qilish senga qo‘shimcha bosim va muammolar tug‘dirishi mumkin bo‘lgan holatdasan, albatta, rad etish qiyin.

Lukaku zo‘r hujumchi, «Chelsi»ni kuchaytiradi, bir nechta gollari bilan chempionlik poygasida jamoa imkoniyatini oshiradi, bir qator o‘yinlarda balkim bir o‘zi natija ham olib beradi, qo‘shilaman, ammo u bilan «Chelsi» strukturaviy darajada bir bosh baland bo‘lib qolmaydi. «Chelsi»ning mavjud jamoaviy «skilli» Lukaku bilan bir bir pog‘ona yuqorilamaydi, shunchaki, Lukaku qo‘shimcha kuch bo‘lishi mumkin, xolos.

Uning Manchesterni tark etgani ham qaysidir ma'noda, shu yo‘nalishdagi mulohazalardan kelib chiqqandi. Sulsher o‘zi orzu qilgan uslubda yagona «tarjyetmen»ni ko‘rmaydi, u uchun eng ideal jamoada 3-4 hujumchi o‘rin almashgan holda raqib darvozasiga xavf soladi. Shuning uchun u doim mana shu uslub uchun mos bo‘lgan Reshford, Marsiyal, Grinvudga ortiqcha ishonadi, Sanchoni yillab kutadi. Shuning uchun u Lukakudan osongina voz kechgan, shuning uchun u ikki yil oldin Holandni asosiy maqsadga aylantirmagan.

Sulsher o‘z ideal futbolini qachondir Grinvudning ulg‘ayishi yoki Marsiyalning formaga qaytishi bilan bog‘laganidek, haqiqiy Tuxel jamoasi Havertsning adaptatsiyasi, Mauntning o‘sishi, Vernerning nihoyat o‘ziga ishona boshlashi bilan kuchayib borishi kerak aslida, Lukakuning transferi bilan emas. Agar fikrimizni davom ettirsak, strukturaviy jihatdan Romelu xalaqit berishi ham mumkindek...

Bu nima degani?

Tuxel Londonda yana necha yil ishlashidan qat'i nazar, uning kelajakdagi «Chelsi»si hozirgidan kuchli bo‘ladimi yoki yo‘qmi, bilmadim-u, to‘liq Tuxelning «Chelsi»si tarixda qoldi.

Qahramon Aslanov

Top