22:10 / 21.08.2021
30028

Ko‘p millionli aholiga ega Olmaota qanday qilib qulay shahar bo‘la olishi mumkin?

Foto: pixabay.com

Forbes.kz nashri Qozog‘istonning eng yirik shahri Olmaotaning demografik o‘sishi va uning oqibatlari haqida material tayyorladi. Unda ko‘tarilgan masalalar bizdagi yirik shaharlarga ham oid bo‘lishi mumkin – ikki davlat shaharlari orasida o‘xshashlik bor.

Mutaxassislar Qozog‘istonning eng yirik shahri muammolari va ularning yechimlarini sanadi.

2021 yilning iyulida Olmaota shahri aholisi rasman 2 milliondan oshdi (solishtirish uchun Toshkentning doimiy aholisi 2019 yilda 2 million 510 ming kishini tashkil etgan. Ma'lumot ikki yildan beri yangilanmagan. Izoh tahririyatniki). Bu rasmiy raqam xolos. Zero, 2019 yilning oktyabrida Olmaota shahar hokimi Bokaitjon Sagintayev atroflarni qo‘shib hisoblaganda shahar aholisi 3 millionga yaqinlashgani, 2030 yilga borib 5 millionga yetishini aytgandi.

“Dunyoning boshqa megapolislari kabi, bizning oldimizda ham yuqori yashash standartlari uchun resurs tanqisligi, ekologiyani yaxshilash va xavfsizlikni oshirish bilan bog‘liq dolzarb muammolarni hal qilish, ijtimoiy, muhandislik va transport infratuzilmani rivojlantirish kabi masalalar paydo bo‘ladi”, degandi u.

Jadallik bilan rivojlanayotgan megapolisning aynan qaysi muammolarini birinchi navbatda hal qilish darkor? Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) mutaxassislarining fikricha, bular jamoat transporti va turar joy bozori. Jamoat transporti muammosi tufayli shahar tashqarisida yashaydigan aholi shaxsiy avtomobillarga bog‘lanib qolishga majbur hamda tiqinlarga sabab bo‘ladi va “shahar markazining samaradorligiga putur yetkazadi”. Turar joy masalasiga esa, garchi turar joy fondi yaxshi ko‘rsatkichlarga ega bo‘lsa-da, son va sifat yetishmaydi. IHTT tadqiqotlariga ko‘ra, Qozog‘istondagi turar joylarning 97 foizi ijaraga berilmaydi, vaholanki, Yevroittifoqda turar joylarning uchdan biri ijaraga beriladi.

“Uy-joy mavzusi”ning naqadar dolzarbligini olmaotalik Ayala Jambil voqeasi ham ko‘rsatib beradi. U politsiya patruli oilasida oltinchi qiz. “Oilamiz o‘g‘il va shaxsiy kvartira orzusida. Hozirda ushbu katta oila navbatning 2050-o‘rnida va ota-onamiz bilan istiqomat qilamiz”, deb hikoya qilishadi Ayalaning ota-onasi.

IHTT mutaxassislari aholining shaharlarga ko‘chib o‘tishiga amin va bu hatto olqishlanadi: Qozog‘iston 2050 yilga borib jahonning eng rivojlangan 30 mamlakati qatoriga kirishi uchun urbanizatsiya darajasini 70 foizga oshirishi kerak. Hozirda mamlakatda qishloq aholisi 60 foizni tashkil qiladi. Biroq prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev migratsiya nazorat ostida bo‘lishi shartligini aytgan: “Shaharlardagi aholining ko‘payishi yetarlicha nazorat yo‘qligi fonida sodir bo‘lishi ijtimoiy infratuzilmaga yuklama oshishiga olib keladi – avvalo tibbiyot va ta'limga. Bu muhim masala. Biz ichki migratsiya jarayonlarini qattiq nazorat qilmog‘imiz darkor. Buyog‘iga bunday davom etishi mumkinmas. O‘z nutqimda aytganim kabi, shaharlarimizdagi aholining ko‘p bo‘lishi faxrlanishga arziydigan emas, hal qilinishi kerak bo‘lgan masala”.

Iqtidorlar uchun kurashish

Siyosiy fanlar nomzodi, Urban Forum Kazakhstan jamoatchilik jamg‘armasi hammuassisi Adil Nurmakov ham o‘z yechimlarini bergan.

- O‘z-o‘zidan demografik o‘sish ustunlik bermaydi (darvoqe, 2 million bu pasaytirib ko‘rsatilgan raqam). Asosiysi, aholining soni emas, balki insoniy va ijtimoiy kapital. Ilmiy, ijodiy potensial, kreativ sanoatlar va informatsion texnologiyalar hali yaxshi rivojlanmagan. Iqtisodiyot tuzilmasi migratsiya sifatiga ham mutanosib tarzda ta'sir ko‘rsatadi: kim kelyapti? Shahar kimlarni jalb qilmoqda? Postindustrial shahar bo‘la olish uchun, iqtidorlar uchun kurasha bilish juda muhim. Bu biryoqlama harakat emas: shahar o‘z iqtisodini yo‘lga qo‘ygan va inson kapitalini jalb qilishni boshladi. Bu esa, teskari tarafga ham ishlaydi: odamlar shaharda nimalar qilishyapti va shahar odamlarga o‘z muhitlarida nimalar qilishga imkon beryapti. Mana shu joyda shaharliklarning o‘z yashash joylari borasida qaror qabul qilishlari yaxshi rivojlanmagan va bu shaharning barqaror taraqqiy etishiga xalal beradi, deydi u.

Shaharni rivojlantirish bo‘yicha muhim qarorlar mustaqil ekspertlar, aholi, faol shaharliklar jalb qilinmasdan yopiq tarzda qabul qilinmasligi kerak, aks holda, bu bir necha muammolarlarni keltirib chiqaradi, shu jumladan, shaharsozlik muammolarini ham.

- Hozirda Olmaota ekstensiv va eniga kengayib boryapti. Shahar chekkalari ham o‘zlashtirilyapti, lekin u yerlarda “tortishish nuqtalari” yo‘q. Bu yerlarga o‘rnashayotgan odamlar shaharning qolgan qismidan amalda uzilib qolishgan. Ular “tortishish nuqtalariga” yetib olishlari uchun ancha yo‘l bosib o‘tishlari kerak – xoh davlat xizmatlari bo‘lsin, xoh dam olish maskalari bo‘lsin. Bu esa ularning ijtimoiy kapitaliga ta'sir ko‘rsatmay qolmaydi, zero odamlar yo‘lga sarflaydigan vaqtlarini o‘z ustida ishlashga, oilalariga va hokazolarga sarflashi mumkin.

Transport har narsaning qon tomiri

Urbanist tilga olgan ikkinchi faktor – transport infratuzilmasi. Shu yerda u IHHT mutaxassislari bilan hamfikr.

Bizda shaxsiy avtomobilga urg‘u berilib, u uchun qulay muhit yaratildi – chorrahalar qurildi, yo‘llar kengaytirildi. Biroq ko‘rib turganimizdek, tiqinlar kamayib qolgani yo‘q. Shaharda asosiy karkas va jon-tomir transport – jamoat transporti bo‘lishi kerak. Bu karkasning asosiy komponenti jamoat transporti bo‘lishi darkor – u aholi zich yashaydigan hududlar va “tortishish nuqtalari”ni bog‘laydi hamda yo‘lovchilarni tez va samarali tashib beradi. Bu tezyurar avtobus, tezyurar tramvay va metrodir. Tezyurar avtobusning birinchi navbati ishga tushirildi, lekin loyiha davom ettirilmadi. Tezyurar tramvay loyihasi esa, davlat ekspertizalaridan o‘tgan va sarmoyadorlar orasida ilk raundlar bo‘lib o‘tgan bo‘lsa-da muzlatib qo‘yildi. Metro uzoq vaqt quriladi va kam yuradigan aholi uchun qulay emas – tushish va chiqish uchun ko‘p vaqt oladi va eng asosiysi metro stansiyalari bog‘lanishi kerak bo‘lgan joylarda kam bo‘ladi.  

Shu tariqa, hozirda “mamlakatning eng yirik shahri, ishbilarmonlik markazi, savdo chorrahasi birorta ham tugallangan magistral jamoat transporti loyihasiga ega emas. Bu nonsens va aholi soni o‘sishi bilan aloqador katta riskdir. Risklar, albatta, ko‘p. Bular iqtisodiy ham, ekologik ham, energetik ham. Men qaror qabul qilishning inklyuzivroq mexanizmlarini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratgan bo‘lardim. Barcha bosqichlarda ochiqlikni ta'minlash kerak – loyihalash, qabul qilish, amalga oshirish va amalga oshirishni baholash; mutaxassislar, faol shaharliklar, ilmiy tekshirish institutlari, mahalliy hamjamiyatlarni – qabul qilingan bevosita daxl qiladiganlarni jalb etish kerak”.

Shaharga nima yetishmaydi

- Odam qancha ko‘p bo‘lsa, qoida bo‘yicha, iqtisodiy jihatdan shuncha foydali – iqtisod iste'mol ustiga barpo qilinadi va iste'mol qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi, deydi mustaqil ekspert Aida Aljonova shahar aholisi ikki millionga yetishi haqidagi savolga javob berar ekan. – Biroq biz nafaqat son haqida, balki Olmaotaning jins bo‘yicha yoshini ham hisobga olishimiz lozim: aholining qancha qismi iqtisodiy faol, kim qancha iste'mol qiladi, kim soliq ko‘rinishida budjetga hissa qo‘shyapti va soliqlar ijtimoiy sohani qanchalar qoplayapti.

Aholi sonining keskin o‘sishi hududlar kengayishi hisobiga, mutlaqo rejasiz bo‘lgan, deya eslatadi u. Hozir yangi tumanlarga maktab, tibbiyot muassasalari, ichimlik suvi, yaxshi yo‘llar va hokazolar yetishmayapti.

- Bu hududlarni shahar tarkibiga qo‘shishdan oldin tegishli infratuzilmani qurish kerak edi. Masalan, Naurizbay va Alatau tumanlarida maktab yetishmayapti, mayli, maktab qurdik ham deylik, shuncha o‘qituvchini qayerdan olamiz? Moddiy infratuzilmani yaratish inson kapitalini yaratishdan ancha yengil yumush. Bizda demografik vaziyatni baholay oladiganlar barmoq bilan sanarli, lekin ularga mablag‘ ajratilayotgani yo‘q. Ha, biz hamma yirik shaharlarga ketayotganini bilamiz, chunki u yerda ish joylari bor. Lekin u qanaqa ish joylari? Ish haqi past. Shuning uchun ham yangi aholi shahar budjetiga naf keltirmaydi. Ularga qilinayotgan xarajat esa, katta. Zero, ular asosan davlatdan yordam olib yashashadi. Agar demografik vaziyatni prognoz qilish sxemasi bo‘lganda edi, mutasaddilar, aytaylik, qancha maktab qurishni bilgan bo‘lishardi va shuning atrofida axborot ishlarini yurgizgan bo‘lishardi: bu yil ko‘chib kelmoqchi bo‘lsangiz, farzandingizga maktabda joy yo‘q, yaxshisi, yetarlicha maktab qurilganda keling, deb. Buning uchun esa, butun tizimni o‘zgartirib chiqish kerak. 

Top