18:34 / 21.08.2021
34539

Merkel ketishi arafasida Rossiyaga keldi. U Putin bilan Afg‘oniston, Ukraina va Navalniy haqida gaplashdi

Angela Merkel 16 yillik kanslerlik faoliyatini yakunlamoqda. Dunyo siyosatidagi eng ta'siri kuchli ayol bo‘lgan Merkel xonim sentyabrda ishdan ketadi. U ketar oldidan Putin bilan yana bir marta uchrashish uchun Moskvaga keldi. Katta ehtimol bilan xayrlashish uchun.

Guido Bergmann / EPA / Scanpix / LETA

Dunyo siyosatida Putin va Merkel o‘rtasidagi munosabatlar alohida bo‘yoqlarga ega. Bir qarashda Rossiya va Germaniyaning siyosiy qarashlari bir-biriga to‘g‘ri kelmasligi mumkin, ammo Merkel kanslerlik vaqtida Rossiyaga naq 19 marta borgani uning Putin bilan munosabatlari qanchalik qalin ekanidan dalolat. Xalqaro tadbirlardagi uchrashuvlar ham inobatga olinsa, Putin Merkel bilan hatto Lukashenko «havas qiladigan darajada» ko‘p uchrashgan. Darvoqe, Putin 1999 yildan buyon taxtda ekanini ham unutmaslik kerak. Orada Medvedevning formal prezidentligini unutmagan holda, albatta.

Xayrlashuv uchrashuvi

Bu Merkelning Putin bilan kansler sifatida so‘nggi uchrashuvi bo‘ldi. Bu chinakam xayrlashuv uchrashuvi edi, chunki bir oydan keyin Germaniya kelajagi uchun javobgar bo‘lmaydigan Merkel bilan hali beri Rossiya taxtidan ketmaydigan Putin ikki mamlakat kelajagi borasida kelishuvga erishmasligi tabiiy.

Oshib borsa, Putin Merkeldan uning o‘rniga keladigan odam qanday bo‘lishi haqida so‘ragan bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, Germaniya va Rossiya munosabatlari kichik baland-pastliklarni inobatga olmaganda doim bir xil bo‘lgan va nemis tomonda rahbar o‘zgarishi munosabatlarga jiddiy ta'sir qilmasa kerak. Rossiya tomonda rahbar o‘zgarsa, balki hammasi boshqacha bo‘lar, ammo bu hali-beri sodir bo‘lmasligi kundek ravshan.

Angela Merkel Rossiyaga 19 marta tashrif buyurgan. Ularning 16tasi davlat tashrifi, bundan tashqari, turli xalqaro tadbirlar. Tashriflarning 5tasida Merkel Rossiyaning sobiq prezidenti Dmitriy Medvedev bilan uchrashgan, qolgan suhbatlar Putin bilan o‘tgan. Qizig‘i, Merkel Medvedev bilan uchrashgan tashriflarida albatta Putin bilan ham uchrashgan.

Putin uchrashuv chog‘ida Merkelni doimgidek qardli mehmon deb atadi va Rossiya uchun Germaniya g‘arbdagi asosiy hamkor bo‘lib qolishini eslatdi. Yopiq doiradagi suhbat protokol bo‘yicha 2 soat davom etishi kerak edi, ammo uch soatga cho‘zilib ketdi. Bu esa ikki yetakchi ko‘p narsani gaplashib olganidan dalolat.

Telefon Merkelni qizartirdi

Putin va Merkel ishtirokidagi uchrashuvlarda tez-tez qiziqarli voqealar bo‘lib turadi. Bu gal Merkelning tashrifi vaqtida 2012 yilda bo‘lgani kabi yalong‘och qizlar yugurib chiqishmadi, lekin uchrashuv Merkelning telefoni jiringlab qolgani bilan yodda qoldi. Nemislar juda tartibli millat deyishganicha bor, o‘sha vaqtda Merkel qizarib ketdi. Telegramda Merkelga kim telefon qilgani haqida so‘rovnomalar ham paydo bo‘ldi.

O‘zaro suhbat tugagach, yetakchilar matbuot anjumanida qatnashishdi. Merkel xonim doimgidek unga yaxshi munosabatda bo‘lgan Putinning oldida ochiqchasiga Qrim bosib olingani, Navalniy zaharlangani, Belarusdagi holat tashvishlanarli ekani haqida gapirdi. Putin esa buni bir oydan keyin ishsiz qoladigan davlat yetakchisining gaplari sifatida qabul qila qoldi.

Afg‘oniston

Merkel va Putin uchrashuvining asosiy mavzularidan biri Afg‘oniston bo‘ldi. Putin «Tolibon» Afg‘onistonni egallab olgani haqida ilk marta gapirdi. U toliblar mamlakatni egallagani ro‘yo emas, haqiqat ekani, shundan kelib chiqib harakat qilish zarurligini aytdi. Rossiya prezidenti Afg‘onistondan boshqa mamlakatlarga qochoqlar ko‘rinishida terrorchilar o‘tib ketishining oldini olish kerakligini ta'kidladi.

Matbuot anjumanida kutilganidek tuturiqsiz savollar ham berildi. Rossiya va xususan Putinning propagandasida javlon uruvchi Russia Today jurnalisti Merkeldan go‘yoki nemis hukumati telekanalning nemischa tahririyati ishga tushishiga xalaqit berayotgani haqida so‘radi. Merkel esa Germaniyada bunaqa masalalar bilan hukumat shug‘ullanmasligi va bunday muammodan umuman bexabarligini aytdi.

«Shimoliy oqim-2»

Putin o‘zining g‘alati ishlaridan birini Merkel bilan uchrashuv vaqtida ham takrorladi. Ma'lumki, u o‘zi nazariga ilmaydigan shaxslar, voqealar va hatto mamlakatlar haqida gapirayotganda uning nomini keltirmaydi. Rossiya va Germaniya o‘rtasidagi eng yirik tijoriy loyiha bo‘lgan «Shimoliy oqim-2» haqida gap ketganda Putin «Bu mamlakat rahbariyati vaziyatning tinch yo‘l bilan hal qilinishini xohlamayotgan ko‘rinadi», dedi Ukraina nomini tilga olmaslik uchun. Shuningdek, Rossiya yetakchisi Merkeldan «bu davlat» deyilgan Ukrainaga ushbu muammo borasida ta'sir o‘tkazishini so‘radi.

Putin bejiz bu haqda Merkelga gapirmadi. U oldinroq Zelenskiy bilan uchrashuv haqida gapirganda «Ko‘rishib nima qilaman, ular uchun hammasini Berlin va Vashington hal qiladi-ku» degandi.

Putin «Shimoliy oqim-2» haqida gapirar ekan, qurilish ishlari kutilganidan ham tez ketayotganini ta'kidladi. U 44 kilometr qurilish qolganini aytdi-da, keyinchalik zalda o‘tirgan uzoq yillik do‘sti, «Gazprom» rahbari Aleksey Millerdan ma'lumotni aniqlashtirib olgach, «Dengizda 15 km qurilish qoldi, tamom», dedi.

Qizig‘i, Putin va Merkel birinchi va oxirgi uchrashuvida ham «Shimoliy oqim-2» haqida gaplashishdi. Merkel ilk marta 2005 yil Rossiyaga Putin bilan uchrashgani borgan va o‘shanda hali qurilishi boshlanmagan birinchi gaz o‘tkazgich haqida gaplashishgan. Oxirgi suhbat esa o‘tkazgichning ikkinchisi yakunlanishi arafasida o‘tkazildi.

Arxiv foto. Vladimir Putin va Angela Merkel. 2005 yil

Merkel Navalniyni qo‘yib yuborishni so‘radi

Matbuot anjumani davomida Merkel Putinga yoqmaydigan yana bir mavzuni ko‘tarib, Aleksey Navalniyni ozod qilish kerakligini aytdi. Yana siyosatchining ismini aytishni istamagan Putin Navalniyni «figurant» deb atadi: «Bu ish figuranti siyosiy faoliyati uchun emas, xorijlik hamkorlariga nisbatan firibgarlik qilgani uchun jazolandi. Hech kimning qilgan jinoyatini siyosiy faoliyati bilan yopib yuborishga haqqi yo‘q».

Top