07:45 / 21.08.2021
7407

Samarqandda 300 quti «Remdesivir» dorisini 18,4 ming dollarga sotayotgan shaxslar ushlandi

Foto: IIB axborot xizmati

Samarqandda pandemiya davrida talab yuqori bo‘lgan «Remdesivir» dorisini noqonuniy sotayotgan shaxslar ushlangan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Samarqand shahrida yashovchi fuqaro viloyat IIBga ariza bilan murojaat qilgan. U murojaatida ikki nafar shaxs pandemiya sharoitida koronavirusni davolash uchun ishlatiladigan dorilarni qonunga xilof ravishda sotib kelayotgani, jumladan, «Remdesivir»  dori vositasining har birini 650 ming so‘mdan sotayotganini bildirgan.

Bundan tashqari, noqonuniy tarzda dori sotayotgan shaxslar fuqaroga yana 300 dona «Remdesivir» dorisini Toshkent shahridan olib kelib berishini aytgan.

Qayd etilishicha, mazkur arizaga asosan joriy yil 13 avgust kuni IIV korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi, viloyat IIB hamda viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida M39 xalqaro avtomobil yo‘lining Samarqand tumani Qo‘shtamg‘ali mahallasi hududidan o‘tgan qismida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda ikki nafar shaxs ariza muallifiga 300 dona «Remdesivir» dori vositasini berib 193 million so‘mni hisoblab 18 400 dollar olayotganda ushlangan.

Ta'kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid
Top