08:30 / 24.08.2021
7106

Maktabgacha ta'lim tashkilotidagi inklyuziv guruhlarda qanday ta'lim berilishi aniqlashtirildi

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining “Reabilitatsiya markaziga ega bo‘lgan davlat ixtisoslashtirilgan ko‘p tarmoqli maktabgacha ta'lim tashkilotlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Xususan, Umumiy turdagi davlat va nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari to‘g‘risidagi nizom quyidagilar bilan to‘ldirildi:

rivojlanishida jismoniy yoki psixik nuqsonlari bo‘lgan tarbiyalanuvchilar bilan ishlash texnologiyalari, usullari va shakllari ularning psixofizik rivojlanish xususiyatlari, o‘ziga xos imkoniyatlari va sog‘lig‘i holatidan kelib chiqqan holda, pedagog va tibbiy xodimlar tomonidan belgilanadi hamda maktabgacha ta'lim tashkilotining Pedagogik kengashi bilan kelishiladi;

har bir yosh guruhidagi mashg‘ulotlar, o‘yinlarning har yilgi soni, davom etadigan davri va izchilligi MTTning o‘quv rejasida belgilanadi;

MTTdagi inklyuziv guruhlarga qabul qilish uchun rivojlanishida jismoniy yoki psixik nuqsonlari bo‘lgan bolalar qo‘shimcha ravishda tibbiy-psixologik-pedagogik komissiyaning belgilangan tartibda berilgan xulosasi taqdim etiladi;

joriy o‘quv yili davomida 7 yoshga to‘lgan tarbiyalanuvchilar mazkur o‘quv yilining so‘nggiga qadar MTTda qoladi.

Bundan tashqari, Nizom MTTda defektolog faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi yangi bob bilan to‘ldirildi. Umumiy turdagi maktabgacha ta'lim tashkilotida rivojlanishida jismoniy yoki psixik nuqsonlari bo‘lgan, shu jumladan nutqida nuqsoni bo‘lgan tarbiyalanuvchilar bilan korreksion-pedagogik mashg‘ulotlarni o‘tkazish uchun defektolog shtat birligi kiritiladi.

Shu bilan bir qatorda, 12-bob “Bolalarni maktabgacha ta'lim tashkilotida parvarishlash, ovqatlantirish va ularga qarab turish uchun ota-onalar to‘lovi”ga o‘zgartirishlar kiritildi. Endi to‘lov ota-onalar va MTT o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan amalga oshiriladi.

Top