17:32 / 25.08.2021
8834

2 yilda attraksionlar bilan bog‘liq 7 baxsiz hodisa ro‘y berdi, shundan 3tasi o‘lim bilan yakunlangan

So‘nggi ikki yil ichida attraksionlar bilan bog‘liq 7ta baxsiz hodisa sodir bo‘lgan, shundan 3ta holatda o‘lim qayd etilgan. Sanoat xavfsizlik qo‘mitasi mas'uli  hokimliklar va Favqulodda vaziyatlar vazirligi nosoz attraksionlarni foydalanishdan chiqarish borasidagi murojaatlarni e'tiborsiz qoldirayotganini aytmoqda.

Hududlardagi mavjud jami 144ta madaniyat va istirohat bog‘ida o‘rnatilgan 1879ta attraksionda aniqlangan kamchiliklar tufayli 1655tasining faoliyati vaqtinchalik to‘xtatildi. Bu haqda 24 avgust kuni Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi mas'ullari ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

Davlat qo‘mitasida Istirohat bog‘lari attraksionlarini nazorat qilish inspeksiyasi tashkil topganidan so‘ng attraksionlardan xavfsiz foydalanish talablariga rioya etish holati o‘rganib chiqilib, quyidagilar aniqlangan:

  • Madaniyat va istirohat bog‘larida o‘rnatilgan 1879ta attraksionda aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha 1655tasi vaqtinchalik to‘xtatildi;
  • hududda faoliyat olib borayotgan Madaniyat va istirohat bog‘larida o‘rnatilgan attraksionlarni soz va bexatar ishlatish bo‘yicha javobgar shaxslar ogohlantirildi;
  • bog‘larda o‘rnatilgan 175ta qo‘lbola, ishlab chiqaruvchi korxona pasporti va birkasi bo‘lmagan hamda 582ta nosoz, ishlashga yaroqsiz attraksion aniqlanib, shulardan 145tasi foydalanishdan chiqarildi;
  • bog‘larda o‘rnatilgan 738ta attraksion kapital ta'mirlandi;
  • ixtisoslashtirilgan maxsus tashkilotlar bilan shartnomalar tuzilib, 438ta attraksion texnik pasportlari tiklandi va shu orqali ularning tiplari aniqlandi;
  • attraksionlarga xizmat ko‘rsatuvchi 337 xodim maxsus kurslarda o‘qitilib bilimlari sinovdan o‘tkazildi.

«Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat hokimliklari va Favqulodda vaziyatlar vazirligiga hududlardagi madaniyat va istirohat bog‘larida o‘rnatilgan qo‘lbola va nosoz, ishlashga yaroqsiz bo‘lgan attraksionlarni foydalanishdan chiqarish borasida amaliy yordam berishlarini so‘rab murojaat xatlarini yubordik. Biroq Qo‘mita tomonidan ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan qayd qilingan vazirlik va idoralar tomonidan mazkur masala e'tiborsiz qoldirib kelinmoqda», deya Sanoat xavfsizlik kengashi qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Olimjon Jo‘rayevning so‘zlarini keltirgan Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, 2019-2021 yillar mobaynida attraksionlar bilan bog‘liq 7ta baxsiz hodisa sodir bo‘lgan. Ushbu baxsiz hodisalar uch nafar insonning bevaqt o‘limiga sabab bo‘lgan.

Top