16:46 / 25.08.2021
3439
Energetika vazirligi va “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ mustaqilligimizning 30 yilligi munosabati bilan yoshlar forumi tashkil etdi

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2021 yil 22-24 avgust kunlari vodiy durdonasi Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasida “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” g‘oyasini o‘zida mujassam etgan “Yangi O‘zbekistonning baxtli yoshlari” forumi tashkil etildi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 17 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining o‘ttiz yilligi bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori asosida bo‘lib o‘tdi.

“Yoshlar forumining aynan To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasida tashkil etilishidan maqsad ham Prezidentimiz tashabbusi bilan bunyod etilgan ushbu noyob inshootni yoshlarimizga tanishtirishdan iborat”, – deb ta'kidlaydi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Boshqaruvi raisi Farhod Abdurahmonov.

Forumda mamlakatimizdagi energetika korxonalari, shuningdek Namangan viloyati yoshlari ishtirok etishdi.

Sportning futbol, stol tennisi va shaxmat turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi.

Issiqlik elektr stansiyalarida juda muhim yo‘nalishlar hisoblangan yong‘in xavfsizligini ta'minlash va personalga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha bellashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Energetika vazirligining tashabbusi bilan forum doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2021 yil 9 avgustdagi “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2021 yil 9 avgustdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosini ta'minlash maqsadida Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida yashovchi 4 nafar ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar va nogiron bolalari mavjud oilalarga yangi qurilgan uylar topshirildi.

- Ushbu yangi turar joy majmuasi To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasini bunyod etish investitsiya loyihasi doirasida qurib bitkazilgan bo‘lib, asosan stansiyada faoliyat yuritayotgan ishchi xizmatchilar ish faoliyati davomida foydalanish uchun mo‘ljallanganiga qaramasdan, Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta'minlash uchun ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar va nogiron bolalari mavjud oilalarga ham ajratildi, – deydi Iskandar Basidov To‘raqo‘rg‘on IES bosh direktori.

Tadbir doirasida vodiy viloyatlarini elektr energiyasi bilan ta'minlash borasida so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar, hududda yuz berayotgan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar mavzusida “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.

Unda to‘raqo‘rg‘onlik nuroniy va mehnat faxriylari bilan birga butun respublikamizdan forumga tashrif buyurgan yosh energetiklar, soha mutaxassislari hamda mehmonlar ishtirok etishdi.

Forumni bayramona ruhda tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan gala-konsert yakunlab berdi.

Tadbirda 2021/2022 o‘quv yilida oliy ta'lim muassasasida ta'lim olishi uchun o‘qishga kirgan energetika tarmog‘i korxonalarining 20 nafar yosh mutaxassisiga 5 yil davomida kontrakt to‘lovlari to‘lanishi bo‘yicha sertifikatlar topshirildi.

Shuningdek, kun davomida bo‘lib o‘tgan barcha musobaqalar va bellashuvlar g‘oliblari diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. 

Tantanali konsert dasturida yurt madhi, tinchlik va osoyishtalik, bugungi nurafshon kunlarga shukronalik kayfiyatini ifoda etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi.

Bayram tadbirlari mushakbozlik bilan o‘z nihoyasiga yetdi.

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ ​matbuot xizmatlari Ⓣ

Top