10:44 / 25.08.2021
8649

IIV internetda «feyk havola» manzillari keng tarqalayotganidan ogohlantirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda firibgarlar tomonidan tayyorlangan «feyk havola» manzili keng tarqalayotganligi kuzatildi. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, ushbu feyk havola manzili olx.uz savdo platformasining veb-sahifasi uchun yaratilgan bo‘lib, fuqaro o‘z mahsulotini sotish maqsadida e'lon tariqasida olx.uz veb-sahifasiga joylashtirgan vaqtda, firibgar unga mahsulotini sotib olishni va'da qilib, to‘lovni ushbu havolaga kirgan holda to‘lashni aytib, havola orqali fuqarolar bank plastik karta ma'lumotlarini qo‘lga kiritib, pul mablag‘larini noqonuniy ravishda o‘zlashtirib kelmoqda.

“Bundan tashqari, firibgarlar Click va Payme kabi to‘lov tizimlari veb-saytlarining soxtalashtirilgan ko‘rinishlarini yaratgan holda, fuqarolar bank plastik karta ma'lumotlarini egallab, ulardagi pul mablag‘larini noqonuniy ravishda o‘zlashtirib kelayotganligi kuzatilmoqda”, deyiladi ma'lumotda.

Ta'kidlanishicha, qisqa vaqt ichida ushbu soxta veb-sayt faoliyatiga taqiq qo‘yilishi orqali ehtimoliy jabrlanuvchilar sonini kamaytirishga erishish mumkin.

“Shu sababli, olingan ma'lumotlar IIV axborot xizmati tomonidan qayta ishlanib, barcha fuqarolarni ogohlantirish, mamlakatimizda yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan veb-saytning faoliyatiga to‘siq o‘rnatish choralarini ko‘rish lozim bo‘ladi”, deya yakunlangan xabar.

 

Top