11:53 / 27.08.2021
3694

Joriy yilning 7 oyi mobaynida 2 ming gektardan ortiq yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olingan

2021 yilning o‘tgan yetti oyi mobaynida 11 ming 214ta holatda 2 ming gektardan ortiq yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olingan. Mutasaddi idoralar tomonidan esa ushbu qonunbuzilish holatlarining bor-yo‘g‘i 1188 tasi yoki 10,5 foizi bartaraf etilgan, xolos.

Senatning o‘n sakkizinchi yalpi majlisida Kadastr agentligi direktori Fazliddin Umarov sohada olib borilayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi.

2021 yilning o‘tgan olti oyi davomida Kadastr agentligining 48 nafar xodimiga nisbatan 24ta jinoyat ishi ochilgan. Ular davlat va jamiyat manfaatlariga 1,3 mlrd so‘m miqdorida zarar yetkazgan.

Birgina 2020 yilda respublika bo‘yicha 50 mingga yaqin holatda 11 ming 200 gektar yer o‘zboshimchalik bilan egallangan, shundan 3 ming 200 gektarida noqonuniy uy-joy qurilgan. Bularning 99 foizi sug‘oriladigan, unumdor qishloq xo‘jaligi yerlari hisoblanadi.

Shuningdek, 2021 yilning o‘tgan yetti oyi mobaynida 11 ming 214ta holatda 2 ming gektardan ortiq yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olingan.

Masalan, o‘zboshimchalik bilan egallash holatlari Namangan viloyatida 1800ta, Toshkent shahrida 1661ta, Toshkent viloyatida 1464ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 874tani tashkil etgan. Bu boshqa hududlarga nisbatan ancha yuqori ekani aytib o‘tildi.

Mutasaddi idoralar tomonidan ushbu qonunbuzilish holatlarining bor-yo‘g‘i 1188tasi yoki 10,5 foizi bartaraf etilgan, xolos.

2021 yil 5 avgust holatiga ko‘ra, respublika bo‘yicha 90 ming 690ta fermer xo‘jaligidan 2 ming 916tasi bilan ijara shartnomasi to‘liq rasmiylashtirilmagan. Bu o‘z navbatida fermer xo‘jaliklari va tuman hokimliklari o‘rtasida yer bilan bog‘liq turli nizolar kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda.

Top