14:56 / 27.08.2021
5787
«Navoiyazot»da qiymati qariyb 1 mlrd dollarlik loyiha ishga tushmoqda

“Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida “Ammiak va karbamid ishlab chiqarish” loyihasi tashkil qilindi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev aytib o‘tdi.

“Navoiyazot” korxonasi 1964 yilda ishga tushirilgan. Har safar kelganimda qariyb 60 yil avval ishga tushirilgan bu majmuani, undan chiqayotgan sariq tutunlarni ko‘rib o‘ylardim: “Men-ku mehmon bo‘lib kelyapman, lekin bu yerda yashovchi aholimiz sog‘ligi nima bo‘ladi?”

Mana shu savol meni ko‘p qiynadi va majmuani modernizatsiya qilish, yangi qismlarini ishga tushirishda, birinchi navbatda, ekologiya talablari va energiya tejamkorligiga e'tibor berishni vazifa qilib qo‘ydim.

Bugun ishga tushirilayotgan yirik loyihalar yuqori malakali muhandislar, loyihachi, quruvchi va moliyachilar jamoasi birgalikda olib borgan samarali mehnat natijasi ekanini barchamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz.

Fursatdan foydalanib, mana shunday zamonaviy majmualarni qisqa muddatda ishga tushirishga katta hissa qo‘shgan “Mitsubishi” va barcha xorijiy hamkorlarimizga, quruvchi va pudratchilar, ishchi-xodimlarga chuqur minnatdorchilik bildiraman.

“Navoiyazot” negizida tashkil etilayotgan klasterda qatnashish istagini bildirgan avstriyalik, turkiyalik va xitoylik investorlarimizga boshlagan ishlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

Bunday zamonaviy yirik loyihalar, hech shubhasiz, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida tashlangan yangi bir yirik amaliy qadamdir”, dedi prezident.

Ma'lumot uchun, “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida tashkil qilinayotgan “Ammiak va karbamid ishlab chiqarish” loyihasining qiymati 985,7 mln dollarga teng.

Top