09:56 / 27.08.2021
3492

«Yangiariq» harbiy dala-o‘quv maydoni foydalanishga topshirildi

Xorazm viloyati, Yangiariq tumanida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi tasarrufidagi «Yangiariq» dala-o‘quv maydoni yangidan barpo etildi.

Mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi arafasida harbiy dala-o‘quv maydonining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi. Unda Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov, harbiy xizmatchilar, faxriylar va yoshlar, jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.

Qariyb 4 ming gektar yer maydoniga ega bo‘lgan ushbu poligon hududi tabiiy cho‘l sharoiti va relefini o‘zida mujassam etib jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlarini yuqori darajada o‘tkazish imkonini beradi.

Dala-o‘quv maydonida  bir vaqtning o‘zida 300 nafardan ortiq harbiy xizmatchi bilan nazariy mashg‘ulotlarni o‘tishga mo‘ljallangan va 12 ta sinfxonasiga ega bo‘lgan 2 ta o‘quv binosi, turli mutaxassisliklar  tayyorgarligi bo‘yicha 8ta o‘quv sinflari va maydonlari,  350 kishilik 2 ta yotoqxona, 250 o‘rinli oshxona, turli o‘q otar qurollardan, guruh va jangovar mashinalardan otish maydonlari, 100 va 50 metrli tir, sport maydonchalari, markaziy qo‘mondonlik punkti, 6ta boshqaruv punkti binolari bunyod etildi.

Saf maydoni, «Armiya biatloni» shaharchasi, 300 metrli razvedkachilar yo‘lagi, 750 metrli psixologik yo‘lak, bandargoh va g‘avvoslik yo‘lagi, muhandislik, kimyoviy qurollardan himoya, havo hujumidan himoya, aloqachilar shaharchalari hamda turli o‘quv nuqtalari jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlarini sifat jihatdan yaxshilashga xizmat qiladi.

Poligonda barpo etilgan  qo‘shinlar otish maydoni, tankodrom, havo hujumidan mudofaa, radiatsion, kimyoviy, biologik muhofaza hamda artilleriya bo‘linmalarini tayyorlash shaharchalari, minomyot batareyasi uchun to‘siqlar, jangovar va harbiy texnikalarni saqlash dala parki, markaziy kuzatuv minorasi harbiy xizmatchilarning mahoratini oshirish va ko‘nikmalarini mustahkamlashga yordam beradi. Qo‘l granatalarini uloqtirish, o‘qotar qurollardan otish tiri, granatomyot pozitsiyalari, merganlar marrasi va boshqalardan iborat alohida jangovar majmua mutaxassislik bo‘yicha tayyorgarlik mashg‘ulotlarini o‘tkazishga qulay sharoit yaratadi.

Tadbir qatnashchilari jangovar shaylikka keltirilgan bo‘linmalarning maxsus-taktik mashqlarini ham kuzatishdi. Amaliy o‘quv mashg‘ulotlarida harbiy xizmatchilar o‘zlarining bilim va ko‘nikmalarini namoyish qilishdi.

Top