10:38 / 28.08.2021
32957
Senat Mudofaa vazirligiga 1 oylik harbiy xizmat to‘lovi arzonlashtirilishi yuzasidan topshiriq berdi

Kecha, 27 avgust kuni bo‘lib o‘tgan Senatning o‘n sakkizinchi yalpi majlisida “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Senatorlarning ma'lum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlar va hududlarda aholi bilan uchrashuvlari chog‘ida fuqarolar tomonidan safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat safiga olingan shaxslar to‘laydigan pul badallari miqdori yuqori ekani bildirilib, bu aholi orasida turli e'tirozlarga sabab bo‘lmoqda.

Senat raisi Tanzila Norboyeva mazkur fikrlarni qo‘llab-quvvatlagan holda safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat safiga olingan shaxslar to‘laydigan pul badallari miqdorini yoki arzonlashtirish, yoxud muqobil variantini topish yuzasidan Mudofaa vazirligi mas'ullariga ikki hafta muddatda Vazirlar Mahkamasiga tegishli takliflarni kiritishi yuzasidan topshiriq berdi.

Bugungi kunda safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga qabul qilingan fuqarolar tomonidan maxsus hisobraqamga to‘lanadigan pul badali BHMning 20 barobari, ya'ni 4 900 000 (1 sentyabrdan 5 400 000) so‘m etib belgilangan.

Top