12:55 / 28.08.2021
15670

SSV Xorazmda vaksina olgandan keyin ahvoli og‘irlashgan fuqaro bilan bog‘liq vaziyatni nazoratga oldi

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyatida vaksina olgandan keyin ahvoli og‘irlashgan fuqaro haqida videolavha tarqaldi. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, vazirlik ushbu vaziyatni nazoratga oldi. Bemorning ahvolini o‘rganish va bu holat nima sababdan yuz berganiga aniqlik kiritish maqsadida tezkor mutaxassislar guruhi tuzilgan. 

Qayd etilishicha, ishchi guruh tarkibiga mamlakatning tajribali infeksionist, reanimatolog, oftalmolog, virusolog, immunolog, nevropatolog, psixolog kabi mutaxassislari kiritildi.

O‘rganish natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot berilishi aytilgan.

Eslatib o‘tamiz, ayni kungacha mamlakatda jami 13 751 939 doza vaksinadan foydalanilib, to‘liq emlangan fuqarolar soni 1 670 949  nafarga yetgan. Respublikada qo‘llanilayotgan vaksinalar bilan emlangan aholi vakillarida birorta jiddiy salbiy ta'sir kuzatilmagan.

Top