15:24 / 29.08.2021
26127

Oldinda oltinchi saylov. O‘zbekistonda prezidentlik saylovlari tarixiga nazar

Joriy yilning 24 oktyabrida O‘zbekiston Respublikasi prezidentligiga navbatdagi saylov bo‘lib o‘tadi. Ayni damda mamlakat bo‘ylab mazkur muhim sanaga tayyorgarlik avjida. Shu munosabat bilan Kun.uz mustaqil O‘zbekistonning 30 yillik tarixidagi prezidentlik saylovlarini esladi.

O‘zbekistonda prezidentlik lavozimi joriy etilishi

1990 yil mart oyida SSSR tarqatilmay turib ittifoq mamlakatlari ichida O‘zbekiston SSRda ilk bor prezidentlik lavozimi ta'sis etildi. 24 mart kuni Oliy Kengash xalq deputatlari tomonidan o‘sha vaqtda Kompartiya markaziy qo‘mitasi bosh kotibi bo‘lgan Islom Abdug‘aniyevich Karimov O‘zbekiston SSR prezidenti etib saylandi.

Shuningdek, 1990 yil 24 mart kuni O‘zbekiston SSRda vitse-prezident lavozimi ham joriy qilinib, unga Shukrullo Mirsaidov tayinlangan. Mirsaidov mamlakat tarixida birinchi va oxirgi vitse-prezident bo‘lib qolgan. 1992 yil 13 yanvar kuni vitse-prezidentlik lavozimi tugatilib, bosh vazir lavozimi ta'sis etilgan.

Prezidentlik saylovlari tarixi

1991 yil 29 dekabr kuni mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor umumxalq prezident saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylovlarda Xalq demokratik partiyasidan Islom Karimov hamda «Erk» partiyasidan partiya yetakchisi Muhammad Solihning nomzodi qo‘yilgan. Saylov yakunlariga ko‘ra, Islom Karimov 86 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongan.

1995 yil 26 mart kuni amaldagi prezident Islom Karimovning vakolatlarini 2000 yilga qadar uzaytirish yuzasidan umummilliy referendum o‘tkaziladi. Qatnashchilarning mutlaq ko‘pchilik (99,6 foizi) qismining ovozi bilan prezidentlik muddati uzaytiriladi.

2000 yil 9 yanvar kuni O‘zbekistonda ikkinchi marta prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi. Markaziy Saylov komissiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, bunda saylovchilarning 95,1 foizi, ya'ni 12 million 123 ming 199 nafar fuqaro qatnashgan. Ushbu saylovda ikki nafar nomzod ishtirok etgan.

Saylov natijalariga ko‘ra, Fidokorlar milliy demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Islom Karimov 11,1 million nafar, ya'ni saylovchilarning 91,9 foizi ovozini olib, g‘alaba qozongan. Xalq Demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan ikkinchi nomzod Abdulhafiz Jalolovga esa 505,1 ming saylovchi, ya'ni 4,71 foiz saylovchi ovoz bergan.

O‘sha paytda amalda bo‘lgan Konstitutsiyaga ko‘ra, O‘zbekistonda prezidentning vakolatlari muddati 5 yil bo‘lgan.

2002 yil 27 yanvar kuni mustaqil O‘zbekiston tarixida yana bir muhim siyosiy jarayon – umumxalq referendumda o‘tkazildi. 12,1 milliondan ortiq saylovchi qatnashgani aytilgan ushbu referendumda ikkita savol qo‘yiladi:

  1. «Siz kelgusi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi parlamenti ikki palatali bo‘lishiga rozimisiz?»
  2. «Siz O‘zbekiston Respublikasi prezidentining konstitutsiyaviy vakolat muddatini besh yildan yetti yil qilib o‘zgartirishga rozimisiz?»

Saylovchilarning 90 foizdan ortig‘i bunga roziligini bildiradi. MSK referendum natijalarini qonuniy deb tan oladi va O‘zbekiston Konstitutsiyasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi.

O‘zbekiston tarixidagi uchinchi prezidentlik saylovi 2007 yil 23 dekabr kuni bo‘lib o‘tdi. Saylovda 16,3 millionga yaqin saylovchilarning 14,7 milliondan ortig‘i, ya'ni 90,6 foizi qatnashgan.

Ushbu saylovda ilk bor «Adolat» sotsial-demokratik partiyasidan ayol kishi - Dilorom Toshmuhammedovaning nomzodi ko‘rsatiladi. Shuningdek, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Islom Karimov, Xalq-demokratik partiyasidan Asliddin Rustamov, saylovchilar tashabbuskor guruhidan Akmal Saidov – jami 4 nafar nomzod saylovda qatnashadi. Saylov natijalariga ko‘ra, O‘zLiDep nomzodi Islom Karimov 13 milliondan ortiq (88,1 foizi) saylovchilarning ovozini olib, g‘olib bo‘lgan.

MSK «O‘zbekiston Respublikasi prezidenti saylovi to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, Islom Karimovni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti lavozimiga saylandi, deb hisoblash haqida qaror qabul qilgan.

Mamlakat tarixidagi to‘rtinchi prezidentlik saylovi 2015 yil 29 mart kuni bo‘lib o‘tgan. Markaziy saylov komissiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, ushbu saylovda ro‘yxatga kiritilgan 20,7 million saylovchilarning 18,9 million nafari (91,08 foizi) qatnashgan.

Saylovda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Islom Karimov, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasidan Akmal Saidov, Xalq demokratik partiyasidan Hotamjon Ketmonov, «Adolat» sotsial-demokratik partiyasidan Narimon Umarov nomzodlari ko‘rsatilgan. Ushbu saylovda ham 17,1 million nafar (90 foizdan ortiq) ovoz olgan O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi nomzodi Islom Karimov g‘alaba qozongan.

Oradan 1 yil-u 5 oy o‘tgach, 2016 yil 2 sentabr kuni O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov 78 yoshida vafot etdi.

Shundan so‘ng, Konstitutsiyaning 96-moddasiga muvofiq, amaldagi prezident o‘z vazifalarini bajara olmaydigan holatlarda uning vazifa va vakolatlari vaqtincha Oliy Majlis Senati Raisi - Nig‘matilla Yo‘ldoshevning zimmasiga yuklatilgan.

Lekin, oradan 6 kun o‘tib, 8 sentabr kuni Nig‘matilla Yo‘ldoshev Oliy Majlis palatalari qo‘shma yig‘ilishida so‘zga chiqib, davlat rahbari bo‘lish uchun salohiyati yetmasligini bildirdi va prezident vazifa va vakolatlarini o‘zining zimmasiga yuklamasliklarini so‘radi. Shuningdek, Yo‘ldoshev amaldagi bosh vazir Shavkat Mirziyoyevning rahbarlik lavozimlaridagi ko‘p yillik tajribasini inobatga olgan holda, prezident vazifa va vakolatlarini bajarishni uning zimmasiga vaqtincha yuklash maqsadga muvofiqligini taklif qilgan.

Shu kuni Oliy Majlis palatalarining qo‘shma qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarish vaqtincha Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev zimmasiga yuklandi.

Shundan so‘ng, Konstitutsiyaga ko‘ra, uch oy muddat ichida – 2016 yil 4 dekabr kuni O‘zbekiston tarixidagi beshinchi prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu saylovlarda Milliy tiklanish partiyasidan Sarvar Otamurotov, O‘zLiDepdan, Shavkat Mirziyoyev, «Adolat» partiyasidan Narimon Umarov, Xalq demokratik partiyasidan Hotamjon Ketmonov nomzodlari qo‘yildi.

Markaziy saylov komissiyasi ma'lumotiga ko‘ra, ovoz berish jarayonida ro‘yxatga kiritilgan 20 million 461 ming 805 nafar saylovchidan 17 million 951 ming 667 nafari (87,73 foizi) ishtirok etdi.

Saylov natijalariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyevni saylovchilarning 15 million 900 mingdan ortig‘i, ya'ni 88,61 foizi yoqlab ovoz berdi. Markaziy saylov komissiyasi Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti lavozimiga saylangan deb hisoblash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Saylov qonunchiligidagi islohotlar

2019 yil 25 iyun kuni saylovlarga doir yana bir o‘zgarish bo‘ldi. O‘zbekiston tarixida ilk bor Saylov kodeksi qabul qilindi.

Ushbu kodeks bilan tarqoq holdagi 5ta qonun («O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida», «Fuqarolarning saylov huquqlari kafolatlari to‘g‘risida», «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida», «Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida», «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida»gi) va Markaziy saylov komissiyasining saylovlarni tashkil etish va o‘tkazishga oid o‘nlab qaror va yo‘riqnomalari o‘z kuchini yo‘qotdi.

Shuningdek, 2021 yilda Saylov kodeksiga tegishli o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun bilan prezident saylovlari bo‘lib o‘tadigan kun dekabr oyidan oktabr oyiga ko‘chirildi.

O‘zbekiston prezidentining mavqeyi va saylanish tartibi

Konstitutsiyaga ko‘ra, O‘zbekistonda prezidentning shaxsi daxlsizdir, u davlat boshlig‘i, Qurolli kuchlar Oliy bosh qo‘mondoni hisoblanadi va davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini ta'minlaydi.

Shuningdek, Bosh qomusning 90-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti lavozimiga o‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida 10 yil O‘zbekiston hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston fuqarosi fuqarolar tomonidan umumiy, teng va to‘g‘ridan to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan besh yil muddatga saylanishi belgilangan. Ayni bir shaxs qatorasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston prezidenti bo‘lishi mumkin emas.

Saylov kodeksiga ko‘ra, qasddan sodir etilgan jinoyati uchun ilgari sudlangan fuqarolar hamda diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari O‘zbekiston Respublikasi prezidentligiga nomzod etib ro‘yxatga olinmaydi.

Saylov kuniga qadar yoki saylov kunida 18 yoshga to‘lgan O‘zbekiston fuqarolari – saylovchilar hisoblanadi.

Prezident Oliy Majlis yig‘ilishida qasamyod qabul qilgan paytdan boshlab o‘z lavozimiga kirishgan hisoblanadi. Konstitutsiyada O‘zbekiston prezidentining 25 toifadagi vakolat va vazifalari sanalgan. Vakolati tugab iste'foga chiqqan prezident umrbod Senat a'zosi lavozimini egallaydi.

Saylovoldi kampaniyasiga 23 iyul kuni start berilgan mamlakat tarixidagi oltinchi prezidentlik saylovi joriy yil 24 oktyabrida bo‘lib o‘tadi.

Hozirga qadar beshta partiya o‘z nomzodlarini taqdim qildi va imzo yig‘ish jarayonlari boshlandi. Milliy tiklanish partiyasidan Alisher Qodirov, O‘zLiDepdan Shavkat Mirziyoyev, XDPdan Maqsuda Vorisova, «Adolat» partiyasidan Bahrom Abduhalimov, Ekologiya partiyasidan Narzulla Oblomurodov nomzodlari ilgari surilgan.

Mavzuga oid
Top