00:22 / 29.08.2021
32833

Shomurodov haqidagi post yordamida polshalik yo‘qolgan qiz topildi

Polshaning Nexmirov qishlog‘ida yashovchi qiz Joana Gibka fevral oyidan buyon ota-onasi tomonidan qidirilayotgandi. Buni qarangki, qizning topilishiga o‘zbekistonlik Eldor Shomurodov ham sababchi bo‘ldi.

Gap shundaki, Rimning «Roma» klubi yangi futbolchilarini tanishtirganda, sahifalarida biror yo‘qolgan bolaning ham suratini ilova qilib chiqarishni odat qilgan. Bunday odat Shomurodovning transferida ham saqlab qolindi. Rim klubi Eldorni o‘z safiga qo‘shib olgani e'lon qilingan postda polshalik Joanna yo‘qolib qolganini ham bildirdib, uning suratini ilova qilgandi.

Transfer e'lon qilinganidan 24 kun o‘tib polshalik qiz topildi. Instagramda 4 millionga yaqin o‘quvchisi bor «Roma»ning e'loni bu savobli ishga turtki bo‘ldi. Ma'lum bo‘lishicha, bunday usul orqali «Roma» oldinroq Britaniya, Italiya, Gretsiya, Belgiya va Keniyadan 11 bolaning topilishiga yordam bergan.

«Xursandligimni qanday ifodalashni ham bilmayman. Bir bolani topishga, bir oilaning og‘iri yengil bo‘lishiga yodam berish juda ajoyib. Jamoam futbolning mashhurligidan shunday yo‘lda foydalanishidan faxrlanaman», deydi Eldor Shomurodov bu haqda.

Top