20:13 / 30.08.2021
15092
Ba'zan to‘yga ham velosipedda borishadi: Baliqchidagi sportga oshno mahalla

Baliqchi tumanining Jasorat mahallasida eng ko‘p foydalaniladigan transport vositasi – velosiped. Mahalla ayollari va yoshlarining sport bilan muntazam shug‘ullanishini o‘rnak qilib ko‘rsatish mumkin.

Baliqchi tumani Jasorat mahallasidan yo‘l-yo‘lakay o‘tib ketayotib, ko‘chada juda ko‘p qiz-ayollarning velosiped minib yurganini ko‘rib, hayron bo‘lgandik.

Avtoulovdan tushib mahalla ko‘chalarini kuzatayotganimizda shu yerlik otaxon – qishloq ayollari tongda velosiped minib sayrga chiqishlari, bozor-o‘char, do‘kon, kundalik yumushlar, ishga va hatto to‘yga borishga ham ikki g‘ildirakli transport vositasidan foydalanishini aytgach, qishloqqa alohida maqola tayyorlash uchun kelishimizni aytdik.

Darhaqiqat, Jasorat mahallasi ayol-qizlarini sog‘lom turmush tarziga amal qiluvchilar yoki velosportchi ayollar deb atash mumkin. Tong payti ayollar salomatlik uchun velosipedda sayrga chiqadi.

Bizni hayron qoldirgani yoshi ulug‘ onaxonlarning ham velosiped sporti bilan shug‘ullanishi bo‘ldi. Ulardan biri – 80 yoshli kayvoni Nodira Imomova.

“Ertalab bomdod namozini o‘qiganimdan so‘ng velosipedni olib sayrga chiqaman. Mahallada men singari sport bilan muntazam shug‘ullanib kelayotgan ayollar juda ko‘p. Yoshim saksonga yaqinlashib qoldi. 12 yoshimda velosiped minganman. Mana shu ko‘rib turgan velosipedim adashmasam o‘n yettinchisi. To‘g‘risi, yosh 14-15 yoshli qizlar bilan velosipedda musobaqalashsam yutaman. Sportning sharofati bilan hech kim meni sakson yoshda deb o‘ylamaydi”, – deydi Nodiraxon ona Imomova.

Ko‘chada turli yumush bilan velosiped minib yurgan ayollarni ko‘rdik. Madinaxon Karimova har kuni farzandlarini bog‘chaga ikki g‘ildirakli do‘stida olib borar ekan.

Yana bir onaxon, faxriy o‘qituvchi Mavludaxon Yusupova 42 yil oldin mahallaga kelin bo‘lib tushgach, velosiped minishni o‘rganishiga to‘g‘ri kelganini aytadi.

“O‘qituvchiman. Yangi kelinligimda farzandimdan xabar olgani maktabdan darslarim orasida uyga piyoda borib kelardim. Qayonotam: “Velosiped mining. Yo‘lingiz yaqin bo‘ladi”, degach, velosiped minishni o‘rgandim”, – deydi Mavludaxon Yusupova.

Muyassarxon ona Qodirova ancha yillar oldin, oyog‘i revmatizm bo‘lganida velosiped minishni boshlagani, bu odati sog‘ligi uchun katta foyda bo‘lganini aytdi.

Jasoratliklar nafaqat velosiped, balki qator sport turlari bilan ham shug‘ullanib turadi. Ayniqsa ayollar. Ularning mahalladagi sport zali va maydonida jam bo‘lib, voleybol va gimnastika bilan shug‘ullanayotganini tasvirga oldik.

Mahalla ayollari tuman, viloyat va respublika miqyosidagi ko‘plab musobaqalarda ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni olib kelishyapti.

Sport mahalla yoshlari o‘rtasida ham ommalashgan. Ular orasida viloyat terma jamoasiga jalb qilingan sportchilar ham talaygina.

Yosh sportchilar Muattar Shermonboyeva va Maftuna Nabiyevalar kuniga ikki mahal sport zalida mashg‘ulotlar o‘tishini turli yo‘nalishlardagi musobaqalarda muntazam qatnashib kelishlarini aytishdi.

Mahalla sport majmuasida aholi bilan murabbiylar oilasi bo‘lgan Turg‘unovlar oilasi shug‘ullanadi. Ertalabki mashqlarni Muqaddamxon Turg‘unova o‘tishni boshlaydi, so‘ng uning turmush o‘rtog‘i G‘ofirjon aka yoshlar bilan shug‘ullanadi.

“Mahallaga stadion qurilganida uyim stadionga yaqin bo‘lsin deb uyimni sotib, yaqinroqdan uy olganman. Ayolim ham murabbiy. Qancha chempionlarni voyaga yetkazdik, hisobi yo‘q. Ayniqsa yoshi ulug‘ ayollar bilan juda ko‘p sovrinlar olganmiz.

Yaqinda bo‘lib o‘tgan musobaqada viloyat hokimi hammamizga bittadan televizor sovg‘a qilgandi. Balki mana shu ko‘rsatuvdan so‘ng onaxonlarga bittadan velosiped sovg‘a qilinar”, – deya hazillashadi murabbiy G‘ofirjon Turg‘unov.

Maqola sarlavhasida aytilganidek, bunday mahalla boshqa yerda yo‘q. Lekin mana shunday – sportga oshno, erta tong yoki kechki payt ayollari va erkaklari yoshlarga qo‘shilib salomatlik uchun harakat qiladigan mahallalar ko‘payishini xohlar edik.

Maqolamizni 80 yoshli Nodiraxon aya “O‘zbekistonni barcha ayolllariga yetkazing” deya iltimos qilgan so‘zlari bilan tugatamiz:

“O‘zbegim ayollari, o‘zingiz uchun kuniga bir soat sport bilan shug‘ullaning. Velosiped mining, yuring-yuguring, gimnastrada bilan shug‘ullaning. Siz o‘zingiz, oilangiz uchun doim sog‘ va salomat bo‘lishingiz kerak!”

Elmurod Ermatov,

Kun.uz muxbiri

Tasvirchi va montaj ustasi – Azizbek Ismoilov

Mavzuga oid
Top