14:49 / 30.08.2021
24287

«Saylovda Putinni shubhasiz yutgan bo‘lardim» – Navalniyning qamoqda bergan intervyusidan asosiy parchalar

Yevgeniy Feldman / «Meduza»

Rossiyalik siyosatchi Aleksey Navalniy ayni damda qamoqda bo‘lib turibdi. Putinning ta'biri bilan aytganda, siyosiy faoliyati uchun emas, firibgarligi uchun qamoqda o‘tirgan, lekin haqiqatga tik boqib qarasa, rus hukumatining asosiy tanqidchisi bo‘lgani uchun qamalgan Navalniy AQShning The New York Times gazetasi tomonidan yuborilgan savollarga 54 varaq qo‘lyozmada javob berdi. Quyida Navalniyning intervyusidagi asosiy fikrlar keltiriladi.

Rossiyaga qarshi sanksiyalar haqida

«Bunaqa sanksiyalardan foyda yo‘q. Rossiyani o‘marib, xalqini qashshoq qilayotganlarga qarshi keskinroq chora qo‘llash kerak. Putinning gangsterlar guruhidagi birorta mulozim sanksiyaga uchramadi. Ularning samolyotlari, yaxtalari, g‘arb banklaridagi milliardlab pullari joyida turibdi. Bu juda hayratlanarli holat. Uch-to‘rt kishiga individual sanksiyalar qo‘llandi, to‘g‘ri, ular odam o‘ldirishga buyruq bergan, lekin bu polkovnik va generallar shunchaki ijrochilar. G‘arb korrupsiyaga qarshi kurashda yanada keskinroq bo‘lishi lozim. Iltimos, Putinning oligarxlarini «tadbirkor» deb atashni bas qiling.

Qamoqxonadagi holati haqida

Bizda noodatiy otryad ishlaydi. Hammasi men tun-u kun nazoratda bo‘lishim uchun qilingan. Har kuni ertalab soat 05:00 da turaman va bir soat tinchgina kitob o‘qiyman. Bu kunning men eng yaxshi ko‘radigan vaqti. 06:00 da hamma turishi kerak. Keyin madhiyani tinglaymiz, badantarbiya qilamiz, yuvinib, soqollarimizni olamiz. Keyin nonushta, tonggi tekshiruv, keyin qandaydir film ko‘ramiz. Soat 10:00 dan 12:00 gacha bo‘sh vaqt. Aslida esa bu vaqtda deyarli hamma choy ichish yoki biror nima yeb olish uchun oshxonada navbatga turadi. Yoki bo‘lmasa bu vaqtda kir yuvish mumkin. Bu vaqtda hech bo‘lmasa 15 daqiqa to‘planib qolgan xatlarga vaqt ajratishga harakat qilaman. Ularning hammasiga javob berish imkonsiz, lekin o‘qib chiqishga harakat qilaman.

Keyin ishlaydiganlarni ishga olib ketishadi, qolganlar yoki televizorda ma'ruza eshitishi yoki stol o‘yinlaridan birortasini o‘ynashi mumkin. Soat 14:00 da tushlik, keyin kechki tekshiruv, tozalash, keyin biroz tanaffus. Soat 18:00 da esa qamoqxonadagi asosiy jarayon – mahbusni normal insonga, «vatanparvarga aylantirish» boshlanadi: biz ulug‘ vatan urushidagi g‘alaba yoki sportchilarimiz qachondir amerikaliklarni qanday mag‘lub etgani haqida film ko‘ramiz. Aynan shu vaqtda qamoqxonalardagi g‘oyani yaqqol bilib olish mumkin: kelajak va bugungi kun o‘tmish bilan chaplanadi.

Soat 19:30 da kechki ovqat, keyin yana ma'ruza, ular orasida qiziqarlilari ham bo‘ladi. Shunaqa rejim. Kun bo‘yi tayinli ish qilmaysan, lekin charchab krovatga cho‘zilib qolasan. Soat 22:00 da uxlashga yotamiz.

Qamoqxonadagi ovqatlar

Shu o‘rinda ijtimoiy tarmoqlarning kuchiga qoyil qolish kerak. Oldin ovqatlar juda rasvo edi. Lekin ikki marta internetda bu haqda yozganimdan keyin vaziyat biroz yaxshilandi. Yemak menyusidagi asosiy bo‘lim – bo‘tqa. Agar kimdir tashqaridan sizga pul bergan bo‘lsa, qamoqxonada ham yemak sotib olish mumkin.

Bu yerda mahbuslarning ijodkorligiga qoyil qolish mumkin. Qo‘lida non, qaynagan suv, lapsha va konservadan boshqa hech narsasi yo‘q odam ham oshpazlik mahoratini ko‘rsatib ketishi mumkin. Tashqaridan nimadir kelganda esa hatto mikroto‘lqinli pech ham topiladi va ovqat bazmi boshlanadi. Bunday vaqtlarda «Qoyilmaqom yigitlar» filmidagi mafiya otalari qamoqxonada pasta tayyorlaganini eslayman. Bizda unaqa ajoyib shokosalar yo‘q, pasta ham taqiqlangan, lekin baribir nolimaymiz.

Qamoqxonadagi zo‘ravonlik haqida

Oldinlari men yotgan qamoqxona odamlarni urishgani bilan tanilgan, lekin hozir bunday emas. Endi yangi zo‘rlash usulini topishgan: ruhiy bosim o‘tkazish usuli. Bu yerda shunchalik provokatsiya qilishadiki, sen kimnidir urib yuborishing hech gap emas. Keyin nazorat kameralari ishga tushadi va senga nisbatan zo‘ravonlik ayblovi qo‘yiladi. Bu yerda asosiysi provokatsiyaga uchmaslik. Boshida qiynalgandim, lekin hozir ancha xotirjam bo‘lib qoldim.

O‘lib ketish xavfi haqida

Bir latifada aytilganidek, 50 foiz yoki o‘ldirishadi yoki o‘ldirishmaydi. Meni o‘ldirish g‘oyasi hamon bormi, yo‘qmi taxmin qilish qiyin. Chunki Putin ruhiy sog‘lom odam emas. Biz aqldan ozgan podshoh zamonida yashayapmiz. Hayotim amerikancha bo‘saga o‘xshaydi. Kecha dushman bo‘lsam, bugun tinch qo‘yishadi, ertaga esa yana dushmanga aylanib qolishim mumkin. Putinning hamma tizimida palapartishlik (bardak). Uning odamlari hatto qo‘llarida hamma imkoniyat bo‘laturib meni o‘ldirishning uddasidan chiqishmadi.

Saylovda g‘alaba qozonishi haqida

Bu savolga hech ikkilanmay javob beraman: ha. Ular hammani saylovdan chetlashtirayotganiga qarang, chunki qo‘rqishadi. Saylovda qatnashganimizda, pulsiz va resurssiz ham «Yedinaya Rossiya»ni yanchib tashlardik. Kimsan Putinni ham mag‘lub etarmidim? Ha, shubhasiz. U biror marta debatda ishtirok etmagan odam bo‘lsa. Chunki tayyorlanmagan savoldan qo‘rqadi.

«Aqlli saylov» haqida

Saylovlar kulgili hodisaga aylanib borayotganiga qaramay, ularda qatnashishga chaqiramiz. «Aqlli ovoz berish» usuli hamma yerda, ayniqsa katta shaharlarda shunday qiyin sharoitda ham ish berishi mumkin. Yo‘q, men yaxshi nomzodlarni tanlash haqida gapirmayapman (ularning barchasi chetlashtirilgan), shunchaki biz Kreml tanlamagan odamlarga ovoz berishimiz mumkin. Bu saylovchilarning tanlovi bo‘ladi, Putinning emas.

O‘z reytingining tushishi haqida

Reyting tushishi tabiiy holat. Men bir necha oydan beri ekranlarda ko‘rinmayapman. Izolyatsiya qilingan siyosatchi tildan qoladi. Putin qaysidir ma'noda o‘z maqsadiga erishib, reytingini ko‘tarib oldi, lekin bunga avtoritarizm yo‘li bilan erishdi. Uzoq manzilni ko‘zlab gapirganda esa u mamlakat va xalqqa zarba berdi. Ular buni unutishmaydi.

O‘z tarafdorlarining kelajagi haqida

Biz omon qolamiz, rivojlanamiz va yanada kuchli bo‘lamiz. Ha, siyosat bilan shug‘ullanish borgan sari xavfli tus olyapti, lekin rus muxolifati faqat men sabab mavjud emas, mamlakatning 30 foizi, o‘qimishli shaharliklar siyosiy betaraf. Aynan ular kelajakda mamlakat siyosatini belgilab berishiga shubha qilmayman. Biz esa hozircha rivojlanish va qanday ishlash bo‘yicha bosh qotiryapmiz.

Top