01:03 / 31.08.2021
21407

Katanets himoyaviy futbolga ishora qilmoqda. Himoyachilar bunga nima deydi?

O‘zbekiston milliy jamoasi FIFA kunlari doirasida Toshkentdagi yig‘inni davom ettirmoqda. Srechko Katanets boshchiligidagi jamoaga bugundan «Nasaf»chilar Akmal Mozgovoy, Oybek Bozorov, Dilshod Saidov va Husniddin Aliqulov kelib qo‘shildi. Jaloliddin Masharipov shaxsiy sabablarga ko‘ra bugungi mashg‘ulotlarda ishtirok eta olmagani ma'lum qilindi.

Rossiya chempionatiga ko‘chib o‘tgan Ibrohimxalil Yo‘ldoshev milliy jamoa yig‘ini va «Nijniy Novgorod»dagi debyuti haqida gapirib berdi.

«Eldor Shomurodovning tavsiyasi bilan Rossiya chempionatiga o‘tdim. Eldor aka menga avval RPLda faoliyatimni boshlab, keyin Yevropaga o‘tsam, moslashish oson kechishini aytdi. Bundan tashqari, murabbiyning o‘zi (Aleksandr Kerjakov) «Nijniy Novgorod»ga chaqirdi. Shartnoma imzolashdan avval video orqali suhbatlashdik va u menga ishonishini aytgandi.

Yangi jamoada hali ikki kungina mashg‘ulot o‘tkazdim-da, uchinchi kuniyoq asosiy tarkibda maydonga tushdim. «Paxtakor»da o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmadim. Murabbiy (Piter Hyuistra) ketishim sababli meni ko‘p maydonga tushirmadi. RPLdagi ilk o‘yinimda 69 daqiqa harakat qildim va uzoq vaqt futbol o‘ynamaganim sezildi.

Bundan tashqari, hayajon ham bor edi. Baribir Rossiya chempionati darajasi O‘zbekistonnikidan farq qiladi. U yerda tez o‘ylash kerak. Xudo xohlasa, tez orada o‘yin amaliyotiga ega bo‘lib, jamoaga kirishib ketaman, deb o‘ylayman.

Katanets talabchan murabbiy ekan. Boshida hamma futbolchilarni yig‘ib, o‘z talablarini aytdi. Yevropa murabbiyi o‘zimizning mutaxassislardan farq qilishi tabiiy. U har bir detalga jiddiy e'tibor qaratar ekan», dedi Yo‘ldoshev.

Markaziy himoyachi Doston Tursunov himoyaviy futbol ko‘rsatadigan Katanets haqida fikr bildirar ekan futbolda himoyalanishning o‘rni katta ekanini aytdi.

«Xitoy chempionatiga moslashish qiyinroq bo‘ldi. Chunki, u yerda kuchli legionerlar to‘p tepadi. Xudoga shukr, hammasi o‘z joyiga tushib ketdi. Birinchi davrani tugatib oldik. Ikkinchi davra noyabr va dekabr oralig‘ida boshlanadi.

Hozir ham kuchli chempionatlarga o‘tish imkoniyatim bor deb o‘ylayman. O‘zimni ko‘rsata olsam, kuchliroq klublarga o‘tishim mumkin. Balki, keyingi yil Yevropada harakat qilarman.

Yangi murabbiy talabchan va jiddiy. O‘z talablarini qo‘yib bormoqda. Sekin-asta o‘rganib boryapmiz. Shu ruhda davom etsak, yaxshi bo‘ladi, deb o‘ylayman. Hamma joyda muxlislar hujumkor futbol talab qiladi. Ha, hujumkor o‘ynash kerak, lekin doim aqlni ishlatib harakat qilish lozim. Murabbiy barcha jihatlarni hisobga olib ish olib boryapti. Xudo xohlasa, yaxshi natijalarga erishishimizga ishonaman», dedi himoyachi Doston Tursunov.

Ma'lumot uchun, O‘zbekiston milliy jamoasi ushbu yig‘in doirasida 5 sentyabr kuni Shvetsiya milliy jamoasiga qarshi bahs olib boradi. O‘yin Stokxolmdagi «Frends Arena» stadionida bo‘lib o‘tadi.

Abdulvosid Valixonov va Azimjon Vohidov tayyorladi

Mavzuga oid
Top