11:00 / 31.08.2021
31003

Pentagon Kobulni tark etgan oxirgi amerikalik harbiy suratini namoyish qildi

AQSh mudofaa vazirligi Afg‘onistonni oxirgi bo‘lib tark etgan amerikalik harbiyning suratini Twitter akkauntiga joylashtirdi.

Foto: Twitter /DeptofDefense

Infraqizil kamera yordamida olingan suratda 18-havo-desant korpusi qo‘mondoni leytenant Kris Donaxyu aks etgan. Suratda uning AQSh harbiy-havo kuchlarining C-17 samolyoti bortiga qo‘lida shturm miltig‘i bilan ko‘tarilayotgani tasvirlangan. Samolyot AQShga qo‘ngandan keyin Vashington Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishni yakunlagan.

Afg‘onistonda birorta amerikalik harbiy qolmagani haqida 31 avgustga o‘tar kechasi AQSh qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligi boshlig‘i general Kennet Makkenzi ma'lum qilgandi. Uning aytishicha, AQShning Afg‘onistondagi harbiy amaliyoti vaqtida 2461 amerikalik harbiy va fuqaro halok bo‘lgan. Shuningdek, 20 mingdan ko‘proq amerikalik jarohat olgan.

O‘z navbatida, “Tolibon” harakati vakili Zabihulla Mujohid Afg‘oniston AQSh qo‘shinlari olib chiqilgandan keyin to‘liq mustaqillikka erishganini aytgan.

Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Top