11:14 / 01.09.2021
8448
«2050 yilga borib Sirdaryo havzasida suv resurslari 5 foizgacha, Amudaryo havzasida 15 foizgacha kamayishi mumkin» - Obid Hakimov

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan Islom taraqqiyot banki boshqaruvchilar kengashi 46-yig‘ilishida iqlim o‘zgarishining Markaziy Osiyo mamlakatlariga ta'siri va muqobil energiya manbalaridan foydalanishni ko‘paytirish masalalariga to‘xtalib o‘tdi.

Foto: Yuriy Korsunsev

«Davom etayotgan global iqlim o‘zgarishi Markaziy Osiyo mamlakatlarining barqaror rivojlanishi uchun jiddiy xavf tug‘diradi, chunki ular bu borada juda zaif. Agar asrning oxirigacha dunyodagi o‘rtacha harorat 4 darajaga ko‘tarilishi kutilayotgan bo‘lsa, Markaziy Osiyoda harorat ko‘tarilishi 7 darajagacha bo‘lishi mumkin.

Barqaror taraqqiyotning uzoq muddatli da'vati va iqlim o‘zgarishining mumkin bo‘lgan oqibatlarini mintaqa mamlakatlari yaxshi tan oladi.

O‘zbekistonda 2030 yilga qadar qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini 25 foizgacha oshirish rejalashtirilgan. Taxminan 10 GVt qayta tiklanadigan energiya manbalari, shu jumladan 5 GVt quyosh, 3 GVt shamol va 1,9 GVt gidroelektrostansiyalarda qayta tiklanadigan energiya manbalarini ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.

Mintaqani iqlim o‘zgarishiga moslashtirishning asosiy vositalari — iqtisodiyotni bosqichma-bosqich karbonsizlantirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini ko‘paytirish hisoblanadi. Markaziy Osiyo mintaqasida rivojlanishning barqarorligi uchun jiddiy muammo suv resurslarining yetishmasligi.

Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, 2050 yilga borib Sirdaryo havzasida suv resurslari 5 foizgacha, Amudaryo havzasida 15 foizgacha kamayishi kutilmoqda. 2050 yilga borib Markaziy Osiyoda toza suv tanqisligi yalpi ichki mahsulotning 11 foizga pasayishiga olib kelishi mumkin.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma'lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo suv resurslaridan foydalanishni muvofiqlashtirish sohasidagi bir-biriga zid qarorlar tufayli har yili kamida 1,75 milliard dollar yo‘qotilmoqda. Shu sabab oxirgi paytlarda O‘zbekiston mintaqa mamlakatlari bilan hamkorlikni oshirishga harakat qilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Tojikiston bilan birgalikda Zarafshon daryosida quvvati 320 MVt bo‘lgan 2ta GES qurishni rejalashtirmoqda. O‘zbekiston, shuningdek, Qambar-ota va Rog‘un GES qurilish loyihalarida ishtirok etishga tayyorligini bildirdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2030 yilgacha O‘zbekistonda elektr energiyasi iste'molining yillik o‘sishi 6-7 foizni va 2030 yilga borib O‘zbekistonda elektr energiyasi iste'moli 120,8 milliard kVt / soatni tashkil etadi. Energiya resurslari O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun juda muhim», — deya ta'kidladi mutaxassis.

Top