09:21 / 01.09.2021
7683
AQShda futbol bo‘yicha O‘zbekiston mustaqilligi kubogi o‘tkazildi

AQShning Nyu-York shtatida futbol bo‘yicha O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan an'anaviy futbol musobaqasi o‘tkazildi. Bu haqda turnir tashkilotchilaridan bo‘lgan San'at Sharipov Tribuna.uz'ga ma'lum qildi.

Musobaqada AQShning 9 ta shtatidan 9 jamoa qatnashgan. Shuningdek, O‘zbekistonning AQShdagi diplomatik missiyasi vakillari 10-jamoa sifatida ishtirok etgan. Finalda Nyu-Yorkning «Pakhtakor» va Nyu-Jyersining «UZB FC» jamoalari to‘qnash kelib, penaltilar seriyasiga ko‘ra «UZB FC» jamoasi 3:1 hisobida g‘alaba qozongan. «UZB FC» darvozaboni butun musobaqa davomida faqat finaldagi penaltilar seriyasida bitta gol o‘tkazib yuborgan. Uni ham sobiq professional futbolchi Komron Kapadzedan. Natijada bu posbon musobaqaning eng yaxshi darvozaboni bo‘lgan.

3-o‘rin uchun o‘yinda Floridaning «Toshkent» va Chikagoning «Chicago uzbeks» jamoalari bahslashib, penaltilar seriyasida chikagoliklar g‘olib bo‘lishdi. An'anaviy tarzda o‘tkazilayotgan musobaqa g‘olibi 1000 dollar, ikkinchi o‘rin sohibi 750 dollar, uchinchi o‘rin sohibi 500 dollar mukofot oldi. Turnirning eng yaxshi darvozaboni, futbolchisi va to‘purariga sovg‘alar topshirildi.

Javlon Vahobov
Javlon Vahobov

AQShda istiqomat qiluvchi «Mahalla USA» jamiyati ushbu futbol turnirini 5-marta o‘tkazdi. Uning ochilish marosimida mahalliy siyosatchilar qatorida O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov, O‘zbekistonning AQShdagi bosh konsuli Kamol Ikromov Nyu-York senatori Endryu Gunardis ishtirok etdi. So‘zga chiqqan O‘zbekiston elchisi Javlon Vahobov barchani mustaqillik bayrami bilan tabriklab, ushbu turnir vatandoshlarni birlashtirganini ta'kidladi.

«Mahalla USA» jamiyati rahbari Abdumalik Ahmedovning aytishicha, bunday ko‘rinishdagi navbatdagi futbol musobaqasi Chikagoda o‘tajak ko‘chma Navro‘z kubogi bo‘ladi.

Abdumalik Ahmedov

Ushbu o‘rtoqlik turnirida Olim Tillayev, Elshan Gambarov kabi yaqin o‘tmishning mashhur futbolchilari, Alibobo Rahmatillayev, Komron Kapadze kabi yaqindagina O‘zbekiston yoshlar jamoalarida ishtirok etgan futbolchilar ham qatnashgan. Futbol bahonasida o‘tkazilgan tadbirga kelganlar o‘zbekcha osh bilan mehmon qilingan. Shuningdek, AQShda yashayotgan o‘zbekistonliklar o‘zbek milliy o‘yinlarida ishtirok etib, o‘z kuchlarini sinab ko‘rgan.

Suratlar muallifi – Anton Kiprian

Top