04:09 / 02.09.2021
35718

Dunyodagi mashhur binolarda O‘zbekiston bayrog‘i tasvirlandi

O‘zbekiston mustaqillikni qo‘lga kiritganiga 30 yil bo‘ldi. Shu munosabat bilan butun dunyoda o‘zbek xalqini bu buyuk bayram bilan tabriklashmoqda. Turli mamlakat rahbarlari o‘zbek xalqiga tabriklar yo‘llayapti.

Shuningdek, dunyodagi mashhur binolarda o‘sha mamlakat o‘zbek xalqi bilan birga ekanini ko‘rsatish maqsadida O‘zbekiston bayrog‘i tasvirlandi. BAAning Dubay shahridagi mashhur Burj Xalifa binosida O‘zbekiston bayrog‘i paydo bo‘lib, undagi ekranda O‘zbekiston haqida rolik qo‘yildi. Shuningdek, Dubaydagi mashhur musiqali favvorada ham O‘zbekiston bayrog‘i tasvirlanib, o‘zbekcha qo‘shiqlar qo‘yildi.

Turkiyadagi mashg‘ur binolarda ham O‘zbekiston bayrog‘i tasvirlandi. Mashhur Fotih Sulton Mehmet ko‘prigini uzoqdan ko‘rganlar O‘zbekiston bayrog‘ini tanigan bo‘lishlari kerak. Shuningdek, Anqaradagi Atako‘le teleminorasida ham O‘zbekiston bayrog‘i tasvirlandi. Undagi ekranda esa O‘zbekiston va Turkiya bayroqlari aylandi.

Malayziyadagi O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov Instagramdagi sahifasida mustaqillikka bag‘ishlangan maxsus video joyladi. Unda Malayziyadagi mashhur binolarda O‘zbekiston bayrog‘i tasvirlanganini ko‘rish mumkin. Xususan, Kuala-Lumpurdagi mashhur egizak binolarda ham.

Bu borada Google ham qarab turmadi. Qidiruv tizimida O‘zbekistondan kiradiganlar uchun Google so‘zining tepasida O‘zbekiston bayrog‘i paydo bo‘ldi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston bayrog‘i Nyu-Yorkdagi Tayms-skver ekranida ham namoyish etildi.

Shuningdek, Niagara sharsharasi O‘zbekiston Mustaqilligining 30 yilligi sharafiga O‘zbekiston bayrog‘i ranglarida gavdalandi.

 

Top