08:24 / 02.09.2021
3170
Innovatsion rivojlanish vazirligining vazifalari belgilandi

Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy va innovatsion faoliyatni boshqarish tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat prezidentning “Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” 2021 yil 1 apreldagi PF-6198-son farmoni ijrosi yuzasidan qabul qilingan.

Quyidagilar vazirlikning asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • uzoq muddatli ssenariylar asosida ustuvor soha va tarmoqlarga ilm-fan yutuqlarini tatbiq etish va mamlakatning innovatsion rivojlantirishning strategiyasini ishlab chiqish;
  • hududlarning intellektual va texnologik salohiyatini oshirish, ilmiy va innovatsion faoliyat uchun zamonaviy infratuzilmalarni shakllantirish;
  • ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarini ishlab chiqish, tasdiqlash va ularning ijrosini nazorat qilish;
  • ilmiy darajali kadrlar tayyorlash tizimini muvofiqlashtirish;
  • yoshlarni ilmiy va innovatsion faoliyatga jalb etishning samarali mexanizmlarini joriy qilish va ular tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;
  • ilmiy va innovatsion loyihalarni amalga oshirishda investitsiyalarni jalb etish, xususiy sektor faolligini oshirish va venchurga asoslangan moliyalashtirishni rivojlantirish.

Qaror bilan quyidagilarni belgilaydigan O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi:

  • vazirlikning maqomi va tuzilmasi;
  • vazirlik va uning markaziy apparati, hududiy boshqarmalarining asosiy vazifalari va funksiyalari, shuningdek, huquqlari hamda majburiyatlari;
  • vazirlik rahbarlarining asosiy funksional vazifalari, shu jumladan, vazir o‘rinbosarining soha yo‘nalishlari bo‘yicha asosiy vazifalari hamda javobgarligi;
  • vazirlik faoliyatining tashkiliy asoslari, hisobdorligi, faoliyat samaradorligini baholash mezonlari, hay'at va boshqa maslahat, konsultativ va ekspert organlari faoliyatini tashkil etish tartibi;
  • vazirlik faoliyatini moliyalashtirish va uning xodimlarini moddiy rag‘batlantirish tartibi.

Davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbar o‘rinbosarlarining biriga innovatsiyalarni joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalarni bajarish yuklatildi. Ularning tuzilmasida bir oy muddatda innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanishga mas'ul bo‘linma tashkil etish topshirildi.

Top