18:18 / 03.09.2021
9770
Sanoat rivojlangan Urgut tumaniga nega temir yo‘l bormayapti?

Samarqand viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Jamshid O‘roqov viloyatda sanoat rivojlangan, tadbirkorlar yurti bo‘lgan Urgut tumaniga temir yo‘l tortib borish mumkinmi, degan savolga javob berdi.

Foto: KUN.UZ

O‘roqovga ko‘ra, viloyatdagi eng yirik erkin iqtisodiy zonalardan biri Urgutda bo‘lib, ayni vaqtda to‘rtta hududda uning filiallari mavjud. Kelgusida barcha tumanlarda Urgut erkin iqtisodiy zonasining filiallari faoliyat ko‘rsatadi.

“Darhaqiqat, mazkur tumanga temir yo‘l olib borish masalasi so‘nggi besh yil davomida ko‘p muhokama qilindi. Aytish mumkinki, Urgut sanoat markazigacha 27 kilometr temir yo‘l tortib borish kerak bo‘ladi. Ochig‘i, bu yo‘nalishda bir nechta ko‘prik, past-balandlik va turar-noturar obektlar bor. Katta “snos”lar qilishga to‘g‘ri keladi. Bir so‘z bilan aytganda, temir yo‘l juda qimmatga tushadigan loyiha hisoblanadi. Qolaversa, hisob-kitob qilib ko‘rdik, Urgut tumaniga temir yo‘l olib borilgani bilan hozircha tumanning ishlab chiqarish quvvati yetarli emas. Temir yo‘ldan samarali foydalanib bo‘lmaydi.

Ammo bu Urgutga umuman temir yo‘l liniyasi tortib borilmaydi, degani emas. Agar kelgusida ishlab chiqarish quvvati ikki karra oshsa, temir yo‘l qurish kerak bo‘ladi. Chunki tumanda erkin iqtisodiy zona kengaymoqda, yaqin yillarda qirqqa yaqin yirik loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan” dedi O‘roqov.

Viloyat qishloq xo‘jaligi 300 million dollarlik eksport salohiyatiga ega, dedi hokim o‘rinbosari. Shu sababli kelgusida uchta hududda agrologistik markaz ishga tushiriladi. Hozirgi vaqtda Toyloq tumanida 11 mlrd so‘mlik logistik markaz qurilmoqda. Ushbu markaz qo‘shni Urgut tumaniga ham xizmat ko‘rsatadi. Shuningdek, Jomboy tumanida ham yirik loyiha – 55 mln dollarlik logistik markaz qurilishi rejalashtirilmoqda. Yana bir logistik markaz Samarqand tumanida qurilishini bildirdi O‘roqov.

Top