20:13 / 04.09.2021
5607
Britaniyalik harbiylar Kobulga yetib olish uchun paranji ostiga yashirinishdi - OAV
Foto: Getty Images

Britaniyaning SAS (Special Air Service, Maxsus aviadesant xizmati) maxsus bo‘limi jangchilari hiyla ishlatib, Kobulga yetib olish uchun paranji kiyib olishdi. Bu haqda The Sunday Express nashri ma'lum qildi.

Maxsus bo‘linmaning 20ga yaqin jangchisi Afg‘onistondan evakuatsiya qilish uchun vertolyotlar yo‘qligidan ogohlantirilgan. Shundan keyin ular hiyla ishlatib, Kobulgacha ayollar ko‘rinishida bir necha yuz kilometrlik yo‘l bosib o‘tishgan.

“Harbiylar qurol va o‘q-doridan tashqari, o‘z qurilmalarining katta qismini tashlab ketishdi va Kobulga yetib olish uchun paranji ostiga yashirinishdi”, deb ma'lum qilgan Britaniya mudofaa vazirligidagi manba.

Uning ta'kidlashicha, SAS jamoasi Afg‘onistonda bir necha oy xizmat olib borgan va toliblar hokimiyatni egallaganda maxfiy razvedka missiyasini bajarayotgan bo‘lgan.

Ular amaliyotni to‘xtatish va darhol Kobulga qaytish haqida buyruq olishgan. Maxsus jangchilar bu maqsadda 5ta taksi sotib olishgan va paranji ostida Kobul tomon yo‘l olishgan. Ular blokpostlarda mamlakatga qaytgan toliblarni qutlash uchun Kobulga ketishayotganini aytishgan.

“Bu o‘z samarasini berdi. Albatta, o‘ziga yarasha xavf-xatar bo‘lgan, biroq toliblar paranjini yechishni talab qilishmagan”, deb ma'lum qilgan manba va jangchilar Kobul aeroportiga eson-omon yetib olishganini qo‘shimcha qilgan.

Top