18:15 / 04.09.2021
3919
“O‘zbekneftgaz”: “Arslon” qurilmasidan “O‘ztransgaz” AJ magistral gaz quvurigacha 17 km quvur o‘rnatildi

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisining topshirig‘iga asosan, “2017–2021 yillarda uglevodorod xomashyosi qazib chiqarishni ko‘paytirish dasturi” doirasida tabiiy gaz va gaz kondensati qazib chiqarish hajmini oshirish maqsadida sohada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Quyi Surgil”, “Araliq” va “G‘arbiy Quyi Surgil” kabi istiqbolli konlar hisobiga tabiiy gaz qazib chiqarish hajmi ortishini inobatga olib, “Arslon” gazni kompleks tayyorlash qurilmasidan “O‘ztransgaz” AJ magistral gaz quvurlarigacha bo‘lgan oraliqda qo‘shimcha tovar gaz quvurini kengaytirish ehtiyoji paydo bo‘ldi.

Shu sababli Bosh pudratchi “ERIELL Oilfield Services Middle East DMCC” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Arslon” gazni kompleks tayyorlash qurilmasidan “O‘ztransgaz” AJ magistral gaz quvurlariga tozalangan tabiiy gaz uzatish quvurlarining gaz o‘tkazish quvvatlari oshirildi.

“2017–2021 yillarda uglevodorod xomashyosi qazib chiqarishni ko‘paytirish dasturi” doirasida loyihalashtirilgan 17 km uzunlikdagi diametri 530 mm li gaz quvuri va gaz quvurini suyuqliklar va mexanik aralashmalardan tozalash uchun porshen yuborish – qabul qilish qurilmalari hamda gaz sarfini o‘lchash qatorlari qurib, ishga tushirildi.

Ushbu gaz quvurining ishga tushirilishi natijasida “Arslon” gazni kompleks tozalash qurilmasidan “Buxoro – Ural” magistral gaz quvurining gaz o‘tkazish quvvatini oshirish bilan quvurlarda gaz bosimlari farqining o‘sishi, ya'ni gidravlik qarshiliklar oldi olinishi hamda “Uztransgaz” AJ magistral gaz quvurlariga past bosimda yetkazib berish evaziga kunlik 200 ming kub metr tabiiy gaz qazib chiqarish hajmi ko‘payishiga erishildi.

Bundan tashqari, bosimlar farqi kamayishi natijasida Ustyurt regionidan qazib olinayotgan gaz hajmlarini transportirovka qilish tizimini barqarorligi hamda “O‘ztransgaz” va Ustyurt gaz kimyo majmuasiga uzatiladigan tabiiy gaz sifat ko‘rsatkichlari yaxshilanishiga erishildi.

Ma'lumot uchun, “Arslon” koni Qaraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumani xududida joylashgan bo‘lib, 2015 yilda ishga tushirilgan.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Top