17:02 / 06.09.2021
38290
Besh savol. Shvetsiyaga qarshi o‘yindan keyingi o‘ylar

Shvetsiyaga qarshi o‘yinda milliy jamoamizda navbatdagi murabbiy debyut qildi.

Foto: O‘FA

Srechko Katanets Qosimov, Kuper, Abramovdan so‘ng navbatdagi xaloskor sifatida namoyon bo‘lsa-da, allaqachon bir narsani tushunib yetgan bo‘lishimiz kerak: qandaydir natija yoki biror mag‘lubiyatda murabbiyning aniq xatolari sabab bo‘lishi mumkin, lekin yagona va balki asosiy muammo murabbiy emas. Agar biz xalqaro futbolda qandaydir dadil qatnashish niyatida ekanmiz, murabbiyni o‘zgartirishning o‘zi bilan muammolar yechilib qolmaydi.

Ha, qaysidir mag‘lubiyat yoki iste'fosi pishib turgan murabbiy davrida qandaydir loyihalar, bolalar futboli yoki ko‘p muddatli rejalar haqida gapirish noo‘rin bo‘lardi, ammo hozir shunday paytki, biz siklni odatdagidan ertaroq tugatdik, demak, vaziyatga kengroq qarash, o‘rganish va bazaviy muammolar ustida bosh qotirish uchun ayni palla. Shu o‘rinda e'tiborni qaratish lozim bo‘lgan ikki nuqta ustida to‘xtalmoqchiman.

Mahoratli raqiblarga qanday qarshilik qilish mumkin?

Shvetsiya bilan o‘yin ko‘rsatdi, juda ko‘p yetakchi futbolchilarsiz harakat qilgan raqib ko‘p jabhada bizdan ustunligini namoyish qildi. Osiyoning yetakchi jamoalari Shvetsiyaning birinchi jamoasi bilan ham teng o‘ynay oladi, hatto g‘alaba qozonishlari ham mumkin, buni ko‘rganmiz.

Bir narsani tan olish kerak – futbolimiz JChga chiqishda bizga raqib bo‘ladigan Yaponiya, Avstraliya, Koreya, Eron kabi mamlakatlarnikidan ortda. Buni nafaqat o‘zaro o‘yinlar, balki tarkiblarni solishtirish orqali ham bilish mumkin. Bu jamoalar safida Yevropaning kuchli ligalarida to‘p suradigan 1-2 emas, 7-8 nafardan futbolchi maydonga tushadi. Ya'ni avval boshidanoq bizning murabbiylar og‘irroq holatda kurashni boshlaydi, ko‘proq mehnat, ko‘proq ilm, ko‘proq omad talab qilinadi. Xo‘sh, mana shunday noteng poygada murabbiylarimiz imkoniyatini yaqinlashtirish uchun nimalar qilish kerak?

Futbol olamida bir gap bor: uslub mahoratni yengadi. Ya'ni futbol jamoaviy o‘yin, alohida olganda kuchsizroq ijrochilardan yig‘ilgan tarkib agar ma'lum bir uslub, strategiya va tartibga amal qilib o‘ynasa, ancha mahoratliroq futbolchilardan tuzilgan raqibni yengish ehtimoli oshadi. Biz faqat shu yo‘l bilan Yaponiya yoki Janubiy Koreyaga teng qarshilik ko‘rsata olishimiz mumkin. Endi yangi savol tug‘iladi, qanday qilib?

Bilasizmi, ko‘pincha O‘FAning vazifalari haqida gap ketganida, milliy jamoaga bosh murabbiyni olib kelib, uning rejasi bo‘yicha barcha sharoitni yaratish, deyish bilan cheklanamiz. Jurnalistlar doimo chet ellik murabbiy taklif qilishni talab qilganida ham shu faktor rol o‘ynagan – o‘zimizning murabbiylarga sharoit yo‘q, shoyad chet ellik murabbiy kelsa-yu, milliy jamoaga bo‘lgan e'tiborni bir pog‘ona ko‘tarsa deb. Ammo aslida, bu yetarli emas, O‘FA murabbiy talab qilgan sharoit, sparring raqiblar, moliya va dastakni ta'minlashdan tashqari, o‘sha murabbiy kelishidan avval qilinadigan juda ko‘p, muhimroq ishlar bilan ham shug‘ullanishi kerak.

Misol uchun, bir necha yil oldin milliy jamoani boshqarishi mumkin bo‘lgan chet ellik murabbiylar ruyxatini ko‘rib hayron qolgandim. U yerda Kuperdan tashqari, Keyrush ham, Bilich ham, yana bir qator esimdan chiqqan ismlar bor edi. Eng qizig‘i, bu murabbiylarning umumiy jihatini topish qiyin. Katanets kelishidan oldin ham, O‘FA Keyrushga taklif bilan chiqqani qanchalik rost bilmadim-u, nomzodlar orasidagi farq chindan ham ba'zi savollar tug‘diradi.

Xo‘sh, O‘FAda milliy jamoalar bilan shug‘ullanadigan ilmiy bo‘lim bormi va u nima ish qiladi?

Ha, klub haqida gap ketganida, tushunish mumkin, klub bir murabbiyni olib keladi va uning uslubiga mos bo‘lgan futbolchilarni sotib olish imkoniyati bor. Ammo milliy jamoada biroz farqli: odatda milliy jamoaga nomzodlar u qadar o‘zgarmaydi, yangi ijrochilar qo‘shish imkoni ham cheklangan. Ikkinchidan, ma'lum bir millat yoki mamlakatga xos bo‘lgan ustunliklar va kamchiliklar bo‘ladi. Aytaylik, o‘zbeklar boshqalarga nisbatan bo‘y jihatidan pastroq va tana tuzilishi jihatidan ixchamroq bo‘lishi mumkin. U holda atletik futbolni targ‘ib qiluvchi murabbiyni olib kelish aqlsizlik bo‘ladi. Yoki to‘p bilan o‘ynashni yaxshi ko‘radigan arablarga quyi blokda, qarshi hujumlarda muvaffaqiyat qozongan murabbiyni taklif qilish katta ehtimol bilan xato.

Bu yo‘nalishda ikki xil strategiyaga amal qilish mumkin.

Birinchisi, o‘zbeklarning xususiyatlaridan kelib chiqib, ilmiy ravishda, qanday uslub, qanday futbol va qanday murabbiy mos kelishi haqida hisobot tayyorlash. Bu juda uzoq muddatda ham ish berishi mumkin va O‘zbekiston milliy jamoasining tanilib turadigan o‘z uslubi, yo‘nalishi bo‘ladi.

Ikkinchisi, qisqaroq strategiya, ammo amal qilsa bo‘ladi, ya'ni aynan joriy davrdagi futbolchilarimiz imkoniyatlari chuqur o‘rganilib, mana shu ijrochilarga mos bo‘lgan joriy uslub ustida bosh qotiriladi. Joriy ustunliklarimizni yuzaga chiqarish va kamchiliklarimizni yopish uchun qaysi murabbiy mos keladi? Kelayotgan murabbiyning avvalgi jamoalarida aytaylik, Shomurodov uslubidagi futbolchi qanday o‘ynagan?

Mana shu yo‘l bilan murabbiylikka nomzodlar safini qisqartirib, muzokaralarga kirishish maqsadga muvofiq. Tabiiyki, muzokaralar chog‘ida murabbiyga aynan nima uchun u tanlangani, undan nimalar kutilayotgani aniq, dastur va strategiyalar tushuntiriladiki, u ham vaziyatdan to‘liq xabardor bo‘lsin, jarayon ikki tomonlama fikr almashuvlar tarzida davom etsin, murabbiy tayinlanganda loyihaning skeleti, undan aynan nima xohlanayotgani ma'lum bo‘lsin.

Xo‘sh, shuncha muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng, yangi siklga qadam qo‘yayotgan O‘FA buning ustida bosh qotirdimi? Murabbiyni tayinlab, unga o‘rtoqlik uchrashuvlari tashkil qilib berish ishning yuzaki qismi, ammo har to‘rt yilda mag‘lubiyatga uchrab, “nima qilaylik, bor imkoniyatni ishga soldik, Yaponiya va Koreya har tomonlama bizdan katta davlat, futbolchilari falon falon darajada o‘ynaydi, nimayam qila olardik, bitta gol qoldi” deyish rostan ham Kuperga yoki yig‘inlarga pulni isrof qilish bilan barobar emasmi? Futbolga ilmiy yondashish, yo‘q imkoniyatlarni qidirib topish, mavjud ustunliklarimizdan maksimal foydalanish orqali top-jamoalar bilan farqni qisqartirish – mana bu oqilona siyosat.

Angliya doim kuchli ijrochilarga, kuchli ligaga ega bo‘lib kelgan, lekin so‘nggi yillarga kelibgina, terma jamoa chindanam jiddiy kuchga aylandi, so‘nggi ikki yirik turnirda yarimfinal va finalgacha bordi. Sababi, u yerda futbolga tubdan ilmiy yondasha boshladilar, bolalar futbolidan tortib, milliy chempionat va terma jamoaga bo‘lgan munosabat o‘zgartirildi.

Yaqinda Angliya futbolida amalga oshirilgan so‘nggi o‘n yillikdagi islohotlar haqida material berilgandi.

Unda ayniqsa, turli yoshdagi terma jamoalarga bo‘lgan munosabat alohida e'tiborga molik. AFA asosiy besh savolni qo‘ygan, hamda maqsad va vazifalarni mana shu besh savolga javob shaklida tasniflagan.  

  1. Biz kimmiz? (Ingliz futbolchilarida Angliya milliy jamoasida o‘ynashga ehtiros uyg‘otish)
  2. Qanday o‘ynaymiz? (Barcha jamoalar amal qiladigan o‘yin uslubi)
  3. Angliya milliy jamoasining bo‘lajak futbolchisi qanday bo‘lishi kerak? (Yangi o‘yin modeliga mos bo‘lgan futbolchilarni izlash)
  4. Qanday shug‘ullanamiz? (barcha yosh toifalar mashg‘ulotlari uchun umumiy falsafa o‘rnatish)
  5. Jamoani qanday quvvatlaymiz? (sport ilmi va tibbiyotni rivojlantirish).

Dunyoning eng kuchli ligasiga ega bo‘lgan mamlakatki, xalqaro miqyosda natijaga erishish uchun mana shunday qo‘shimcha tadbirlarga qo‘l urishga majbur bo‘layotgan ekan, o‘sha birinchi savol – biz kimmiz?

Jismoniy tayyorgarlik

Garchi raqib ikkinchi tarkibda o‘ynagan bo‘lsa-da, Shvetsiyaga qarshi o‘yin shaxsan menga yoqdi. Har holda futbolchilarimiz harakatlari himoyadagi yaqqol “teshiklar”ni inobatga olmaganda, ayniqsa, to‘pni nazorat qilishda yaxshi taassurot qoldirdi.

Ammo doim, boshqa murabbiylar davrida ham kuzatilgan umumiy jihat bor – futbolchilarning jismoniy tayyorgarligi. Dastlabki 60 daqiqa va o‘yinning oxirgi qismi o‘rtasida katta farq bor. Taktika qanchalik to‘g‘ri tanlanmasin, o‘yin oxirigacha unga amal qilish ma'lum darajada yuklama talab qiladi. Futbolchilar jismonan charchab qolgach esa, murabbiy ko‘rsatmalariga amal qilish susayib ketadi. Koreya bo‘ladimi, Eronmi, Saudiya Arabistonimi yoki Yevropa jamoalariga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlarimi, eslasangiz, vakillarimiz dastlabki bo‘limda ancha mazmunli harakat qilgan, lekin o‘yin oxirida charchab qolgan bo‘lishadi.

Kuchli jamoalarga qarshi so‘nggi paytlardagi o‘yinlarimiz ichida OCh-2019da Avstraliyaga qarshi o‘yinimizni ijobiy ma'noda eslash mumkin. O‘shanda o‘yin 120 daqiqa davom etgan bo‘lsa-da, qo‘shimcha bo‘limlarda ham futbolchilarimiz raqibdan jismonan past ko‘rinmagandi. Shu yerda muammo aynan JCh saralashlarida namoyon bo‘lish sababi o‘rtaga chiqadi. BAA-2019ga tayyorlanish uchun Kuperda yetarli vaqt bo‘lgan, bir oydan ko‘proq vaqt mobaynida futbolchilar kerakli yuklamalar ostida, odatdagidan ko‘proq mashg‘ulotlar o‘tkazishgan. Kuperning aynan jismoniy tayyorgarlikka urg‘u berishi ba'zi futbolchilarni qiynab yuborgani haqida ham xabarlar chiqqandi.

Osiyo chempionati kabi turnirlarga bunday tayyorlanish imkoniyati doim mavjud, Katanetsda ham muammo bo‘lmasligi kerak. Ammo JCh saralashi boshqa formatda o‘tadi, futbolchilar jamoa ixtiyoriga 3-4 kun avval yetib kelishadi, xolos. Shomurodov muammo tug‘dirmasligi mumkin, lekin O‘zbekiston chempionatida to‘p suradigan futbolchilarni qisqa vaqtda kerakli konditsiyaga chiqarishning iloji yo‘q.

Tasavvur qiling, JCh-2026 saralashida Yaponiya bilan o‘ynayapmiz. Yaponlar 2 kun oldin Yevropadan kelib, kerakli taktik ko‘rsatmalarni olib, O‘zbekistonga qarshi bemalol to‘p sura oladi. Chunki futbolchilar o‘ynaydigan Bundesliga yoki APLdagi raqiblar O‘zbekistondan kuchli. Tezlik, pressing darajasi, tezlanishlar chastotasi, jismoniy kurash – har tomonlama yuqoriroq yuklamalar ostida, har hafta o‘ynab yurgan futbolchi O‘zbekiston bilan qiynalmay o‘ynaydi. Terma jamoamiz futbolchilari esa, odatiy milliy chempionat o‘yinlarida duch kelmagan bosim va yuklamaga qarshi turishlari kerak. Murabbiy 2-3 kunda o‘sha darajaga chiqara oladimi? Yo‘q. Tabiiyki, futbolchilarimizning ikkinchi bo‘limdagi o‘yini birinchi bo‘limdagidan keskin farq qilaveradi.

Ochig‘i, bu muammoni to‘liq yechish yo‘lini bilmayman. Bir paytlar oliy liga klublaridan turli normativ imtihonlar talab qilingan, futbolchilarni ma'lum jismoniy darajada ushlab turishga urinishlar bo‘lgandi. Bu yechim biroz kulgili, noto‘g‘ri bo‘lgani tufayli, kerakli samarani olib kelmadi. Superliganing umumiy saviyasidan ustunroq bo‘lgan darajani talab qilish imkonsiz.

Aytaylik, zamonaviy futbolda jismoniy talablar qaysi yo‘nalishlarda qo‘yiladi?

  1. Tezlanishlarning maksimal miqdori (10-25 metrgacha)
  2. Ular orasida futbolchining tiklanish vaqti (10 sekunddan kam bo‘lishi kerak)
  3. Tiklanish yoki tezlanish paytida to‘p bilan ishlash.

Jismoniy tayyorgarlik deganda yuz metrga tez yetib borish yoki ko‘p yugurish emas, ma'lum darajadagi tempni va intensivlikni ushlashdir.

Nazarimda, bu vaziyatga milliy jamoa miqyosdan turib baho berish naf berishi mumkin. Masalan, Katanets shtabi yoki O‘FAdagi qandaydir ilmiy bo‘lim biz ishtirok etadigan xalqaro musobaqalardagi yuklamalar darajasini aniqlab, jismoniy tarafdan bu darajaga chiqa oladigan futbolchilarga ko‘proq e'tibor qaratishi lozim bo‘lardi. Masalan, Falonchiyev “Paxtakor”da o‘ynaydi, mahoratli, nomdor, tajribasi bor, lekin “Nasaf”dagi Pistonchiyev talab etiladigan yuklamalarga 90 daqiqa chiday oladi. Murabbiy uchun bir bo‘lim mahorat ko‘rsatadigan emas, butun o‘yin davomida ko‘rsatmalarga amal qilish uchun jismoniy imkoniyatga ega bo‘lgan futbolchi muhimroq emasmi?

Mahoratli va yulduz futbolchilar esa milliy jamoada o‘ynashni istasa, o‘sha inglizlar qo‘ygan birinchi savolga qaytadilar: milliy jamoada o‘ynash istagi shu qadar yuqori bo‘lishi kerakki, futbolchi Superligamizdagi yuklamalardan yuqoriroq talabni o‘ziga qo‘ya olsin, kerak bo‘lsa, qo‘shimcha murabbiy va mashqlar olsin. Ishoning, vaziyatga shu tomondan qaragan futbolchining kuchli ligalarga o‘tib ketishi ko‘p kuttirmaydi.

Esingizda bo‘lsa, bir necha yil oldin A Seriya saviyasi ancha tushib, italiyalik yulduzlar kamayib ketgandi. Bu sharoitda milliy jamoaning Fransiya, Ispaniya, Angliya kabi raqiblarga teng qarshilik qila olishini kutish ham mantiqsizdek tuyulgan. Bosh murabbiy Antonio Konte vaziyatga o‘zgacha yondashadi, Yevro-2016 oldidan 60dan ziyod futbolchi yig‘inlarda ishtirok etadi. Konte bu futbolchilarni klubdan, televizordan yoki avvalgi o‘yinlariga qarab saralasa bo‘lardi, lekin u hammasini amalda sinab ko‘rdi, nomlarga e'tibor bermadi, muhimi futbolchining kutilayotgan daraja va bosimni ko‘tara olishi, murabbiy ko‘rsatmalarini yuqori tempda bajara olishi edi. Italiya tarkibda bir qator “notanish” futbolchilar bilan Ispaniya va Belgiyani yengdi, Germaniyaga faqat penaltilar seriyasidagina yutqazdi.

Aslida agar tizim to‘liq ishlasa, bu muammo ham yechilib ketaverishi kerak. Yuqorida turli yoshdagi terma jamoalarning bog‘liqligi, bir xil falsafa asosida to‘p surishi lozimligi aytildi. Xuddi shu yo‘nalishda masalan, Katanets Kapadzega “Menga ikki yilda chap qanot himoyasida Sayfiyevga o‘rinbosar kerak, mana bu, mana bu ustunliklari, ko‘rsatkichlari bo‘lishi kerak” deb tavsiya beradi. Kapadze esa, o‘sha o‘lchovlarga mos keladigan yosh futbolchini topib, uning mahoratini oshirishga alohida e'tibor qaratishni boshlaydi.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, alohida biror o‘yinlardagi vaziyat, qur'ada raqiblar kim bo‘lishi, jahon chempionatiga yo‘llanmalar soni, kimnidir jarohat olishi yoki yana qaysi futbolchimiz Yevropaga transfer bo‘lishi kabi qo‘shimcha faktorlardan qat'i nazar, yangi, eski, keyingi murabbiylarimiz va albatta O‘FA oldida juda muhim asosiy vazifa bor: raqiblarimiz bilan o‘rtadagi mahorat, tajriba va jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha farqlarni kamaytirish.

Yoki tushunarliroq qilib aytganda, inglizlar o‘zlari uchun qo‘ygan besh savolga javob izlash.

Qahramon Aslanov

Top