18:36 / 06.09.2021
8946
Chilonzor tumani hokimligiga oshxona qurish uchun 1 mlrd so‘m ajratish taklif qilindi

Toshkent shahar Chilonzor tuman hokimligiga oshxona qurish uchun 999 mln so‘m pul ajratish taklifi “Tashabbusli budjet” loyihasida g‘olib chiqdi. Mavzu ijtimoiy tarmoqlarda tanqidlarni keltirib chiqardi va bu tashabbus uchun pul ajratilmaydigan bo‘ldi.

Foto: Chilonzor tumani hokimligi

O‘zbekistonda ilk marta mahalliy budjetlarning bir qismini bevosita aholi takliflari asosida sarflash bo‘yicha “Tashabbusli budjet” loyihasi amalga oshirilmoqda.

Jarayon uch bosqichda, 1 iyuldan 2 sentyabrgacha o‘tkazildi. Unda fuqarolar eng ko‘p bildirgan tashabbuslar – ichki yo‘llar, maktablarni ta'mirlash va jihozlash hamda ichimlik suvi bilan bog‘liq bo‘ldi.

Aholi tomonidan qoldirilgan takliflarga ovoz berish 2 sentyabr kuni yakunlandi: 205 ta tuman va shaharda jami 881 ta taklif g‘olib deb topildi.

Ma'lum bo‘lishicha, eng ko‘p ovoz olgani uchun g‘olib deb topilgan takliflar orasida Chilonzor tumani hokimligiga oshxona qurish uchun 999 mln so‘m ajratish tashabbusi ham bor. Bu tashabbus uchun 282 ta ovoz yig‘ilgan.

“Ochiq budjet” portalida, shuningdek, Chilonzor tumani 4-sektor shtabini ta'mirlash uchun 500 mln so‘m ajratish haqidagi taklif 305ta ovoz to‘plab g‘olib bo‘ldi.

G‘olib deb topilgan tashabbuslar sirasida, 273 ta ovoz olgan tashabbus – Chilonzor tumani obodonlashtirish boshqarmasiga ish qurollari olib berish ham bor. Tashabbusda ketmon, belkurak, panshaxa, haskash, bolta, arra, chelak, cho‘tka, supurgi, “telejka”, trimmer, benzopila, o‘roq va hokazolar uchun 600 mln so‘m yo‘naltirish ilgari surilgan.

“Hokimiyatning cho‘ntak loyihalari g‘olib chiqadi deb aslo o‘ylamagandim”

Mazkur uchta holatga dastavval Kurbanoff.net kanali muallifi Shuhrat Qurbonov e'tibor qaratdi.

“Chilonzorliklar “molodets”, ular o‘z hokimliklari xodimlari uchun qariyb 1 milliard so‘mlik yangi oshxona qurishni qo‘llab-quvvatladilar.

Aholi o‘z rahbarlarining hayotiga befarq emas.

Bundan tashqari, ular o‘z hududining 4-sektorining shtab-kvartirasini (500 million so‘m) yangilashni, shuningdek, tumanni obodonlashtirish xizmati uchun belkurak, bolta va boshqa asbob-uskunalarni sotib olish (600 million so‘m) tashabbusini qo‘llab-quvvatladilar.

Ular o‘zlari uchun hech nima xohlashmaydi. Bunday aholini qadrlash kerak, aziz Chilonzor tuman hokimligi”, – deya yozdi u.

Iqtisodchi Otabek Bakirov mazkur voqea “Tashabbusli budjet” tizimini takomillashtirish zarurati borligidan darak berishini aytib o‘tdi.

“To‘g‘risi, eng ezgu niyatlar bilan boshlangan tashabbusli budjet doirasida hokimiyatning cho‘ntak loyihalari g‘olib chiqadi, deb aslo o‘ylamagandim.

Ishonchim komil, Chilonzordagi kabi juz'iy holatlar “Tashabbusli budjet” loyihasini obro‘sizlantirmaydi. Qaytaga uning shart va mezonlarini qayta kengaytirishni, yanada ijtimoiylashtirishni talab etadi.

Agar yana e'tibor qaratsangiz, “Chilonzor tumani bo‘yicha tuman hokimiyati uchun oshxona qurish loyihasi” va “4-sektor shtabini ta'mirlash” loyihalari uchun onlayn ovozlar bittadan xolos. Ya'ni ehtimolki shu loyihalarni kiritgan shaxslargina o‘zi ovoz bergan. Qolgan barchasi sms-ovozlar. Ya'ni manipulyatsiya va ma'muriy omilning o‘rni juda sezilarli. Kelajakda bu haqda ham albatta o‘ylash kerak”, – deydi Bakirov.

Qonunga muvofiq, adolatga nomuvofiq...

Portalda qoldirilgan tashabbus g‘olib chiqishi uchun 1-bosqichda belgilangan mezonlarga mos kelishi, 2-bosqichda esa shu hududda yashovchi aholi unga ovoz berishi lozim. Eng ko‘p ovoz yig‘gan tashabbus g‘olib bo‘ladi. Hokimiyat tomonidan qoldirilgan tashabbuslar ham xuddi shu bosqichlardan o‘tgan.

Biroq aholini qiynagan va nisbatan ko‘pchilikning manfaatiga xizmat qiluvchi tashabbuslar yetarli ovoz ololmagani uchun g‘olib chiqmagan holatlar ham kuzatilishi mumkin. Bunda aholini o‘z muammolaridan kelib chiqib budjet mablag‘lari taqsimotida ishtirok etish imkoniyati borligi haqida xabardor qilish muhim ahamiyatga ega.

Tashabbus eng ko‘p ovoz oldi degani, u moliyalashtiriladi degani emas

Moliya vazirligi matbuot xizmati rahbari Dildora Jo‘rayevaning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, g‘olib chiqqan tashabbuslar ijtimoiy ahamiyatiga qarab saralanadi.

“Hozirgi jarayonda onlayn platforma orqali yakuniy natijalar e'lon qilinyapti. Endi mahalliy kengashlar tomonidan har bitta tumanga tegishli tartibda saralash o‘tkaziladi. Kengash tashabbusning ijtimoiy ahamiyatini, uning qanchalik kerakligini o‘rganib chiqadi. Keyin ko‘p ovoz yig‘gan tashabbuslar saralanadi.

Bitta narsani bilish kerak, hamma ovoz bera oladi, chegarasi yo‘q. Bu fuqarolar bilan amalga oshadigan jarayon, lekin moliyalashtirish masalasida mahalliy kengashdagi xalq deputatlari qaysi loyiha qanchalik muhimligiga qarab tashabbusni saralaydi”, – dedi u.

Masalaga Moliya vazirligi Davlat budjeti departamenti direktori Sherzod Muhamedov munosabat bildirdi.

“Yutib chiqqan takliflar o‘rganib chiqiladi va ma'lum tuzatishlar kiritiladi. Chilonzor tuman hokimligining oshxona binosi va 4-sektorga ma'muriy bino qurish moliyalashtirilmaydi va ishchi guruh tomonidan bundan keyingi navbatdagi takliflar ijtimoiy ahamiyatdan kelib chiqqan holda mahalliy kengashlarga moliyalashtirish yuzasidan taklif kiritiladi”, – deydi u.

Top