20:46 / 06.09.2021
23354
Ijara uy muammolari. Sabablar va yechim uchun takliflar

Bu masala vaqti-vaqti bilan muhokamalar markaziga chiqsa-da, aslida yil bo‘yi dolzarbligini yo‘qotmaydi. Nafaqat poytaxtda, balki boshqa yirik shaharlarda ham ijaraga turar joy topish masalasi azaldan muammo bo‘lib kelgan. Ayniqsa endigina o‘qishni boshlagan talabalar bundan qattiq aziyat chekishadi. Bugungi kunda yana o‘qish boshlanib, minglab talabalar poytaxt va boshqa markazlarga oqib kelishdi. Har doimgi kuzatiladigan ajiotaj qayta boshlandi.

Foto: Mezon

Iqtisodda shunday qonun bor – talab bor ekan, taklif tug‘iladi. Ya'ni har qanday mahsulotga yuqori talab bor ekan, uni taklif qiluvchilar va buning ortidan daromad oluvchilar sinfi shakllanishi kerak. Lekin bir qarashda oddiy bu qonun ijara kabi ijtimoiy masala qarshisida ojiz qolmoqda – yillardirki O‘zbekistonda ijara muammoligicha turibdi.

Xo‘sh, nega odamlar pulini to‘lab xotirjam yashay olmaydi? Axir deyarli har qanday iqtisodiy munosabatda mahsulot yoki xizmat pulning ortidan quvib yuradi-ku?

Sub'yektiv xulosalarimizga ko‘ra buning bir necha sabablari bor:

1. O‘zbekistonda hanuz uy-joy bilan ta'minlanish bo‘yicha jiddiy muammo bor, ya'ni alohida boshpanaga ega bo‘lmaganlar soni juda katta. Bu tabiiy talabni keltirib chiqaradi.

2. Ikkinchi sabab birinchisiga bevosita bog‘liq – shundoq ham o‘zidan orttira olmayotganlar orasidan bir necha uy-joy yoki xonadonni ijaraga berish ortidan daromad qiluvchilar sinfi ajralib chiqib, shakllanib ulgurmayapti.

3. Bir qarashda juda foydali biznesdek tuyilsa-da, ijaraga yashovchilar nazdida uy egalari yo‘q joydan pul topayotgandek bo‘lsada, xonadonni ijaraga berish u qadar daromadli ish emas. Mana oddiy misollarga e'tibor bering: Toshkentda quyi segmentdagi 2 xonali kvartiraning o‘rtacha narxi 30 ming AQSh dollari atrofida. Bu narxi eng past – ya'ni ta'mir va jihozlarsiz ko‘chmas mulk. Bunday xonadonni ijaraga berish orqali oyiga 200-250 AQSh dollari daromad qilish mumkin. Ya'ni tikilgan pulning 1 foizi ham chiqmaydi. Yana bu puldan xonadonni saqlab turish bo‘yicha chiqimlarni ham chegirish lozim.

Ma'lumotlarga ko‘ra, muvaffaqiyatli ishlayotgan umumiy ovqatlanish tizimida daromad 25-30 foiz, transportda 20-25 foiz, savdoda esa o‘rtacha 10-15 foizni tashkil qiladi. Shunday ekan, bugungi kunda uzoqni ko‘zlagan tadbirkor oyiga bir foiz ham daromad keltirmaydigan biznesga pul tikmaydi.

4. O‘zbekistonda xorijiy davlatlardagi kabi “daromad uylari” (doxodnyy dom) biznesi shakllanmagan. Aynan mana shunday uylar arzon ijaraga bo‘lgan yuqori talabni qondirishga xizmat qiladi. Bizda ham abjir tadbirkorlar, usta quruvchilar bor. Ayrimlari bu haqda o‘ylab ko‘rgan bo‘lishlari ham mumkin. Lekin bizning tadbirkorlarimiz uzoq muddatli loyihalarga pul tikishni xush ko‘rishmaydi. Buning o‘rniga ularga uy qurib sotgan bir necha karra afzal. Bitirding, sotding, daromadni olding, bas!

Shu bois, to‘lig‘icha ijaraga beriladigan ko‘p qavatli uylarni ayniqsa Toshkentda hanuz uchratmadik.

Qolaversa, biznes hali hadiklardan to‘la qutilgani yo‘q. Uzoq muddatli loyihani ishga tushirganlar vaqti kelib “snos” yoki “noto‘g‘ri qaror” nomi bilan o‘z mulklaridan ayrilib qolishdan qo‘rqishadi. Mana shu jihatlar bo‘lmaganida edi, deylik, minimal sharoitlarga ega bo‘lgan 50ta xonadan iborat bino qurish, oyiga o‘rtacha 100 dollardan ijaraga berish orqali tuzukkina daromad qiluvchilar albatta paydo bo‘lardi.

5. Va nihoyat ijaraga oluvchilarga nisbatan “muntazam daromadga ega bo‘lmagan, ishi yurishmagan odam” degan qarash shakllanib qolgan. Shu bois, bunday toifa hisobidan daromad qilishga ko‘p ham qiziqilmaydi. Holbuki rivojlangan davlatlarda aholining aksariyat qismi ijarada yashaydi, bola-chaqa orttiradi va hatto ijarada vafot etadi ham. Buning hech uyatli joyi yo‘q. Ammo biz qotib qolgan fikrlardan hech voz kecha olmayapmiz.

Xo‘sh, yechim nimada?

1. Oddiy misol – bolalarni maktabgacha ta'limga jalb qilish yaqinda ham og‘riqli, unutilgan, yashirilgan mavzu edi. Hozirda 27 foizli ko‘rsatkichdan 60 foizga yetkazildi. Sababi ayon – biznesga keng imkoniyatlar, subsidiyalar, yer berildi. Tabiiyki, qiziqish paydo bo‘ldi, alohida tadbirkorlar sinfi shakllandi, ayni paytga kelib nodavlat sektorda hatto bolalarni jalb qilish uchun raqobat ham paydo bo‘ldi.

Ijara tizimiga ham shu usulni bemalol qo‘llasa bo‘ladi. Deylik, talabalar bo‘yicha ham aynan shunday vaziyat – ularning taxminan 30 foizi yotoqxona bilan ta'minlangan. Qolgani o‘z pulini qayerlargadir sarflayapti yoki kezi kelganda puliga ham boshpana topa olmayapti. Davlat yer va subsidiya ajratsa kifoya, biznes bu sohaga ham kirib keladi albatta.

2. Bunday loyihalarni amalga oshirganlarga davlat kafolati berilishi shart. Ya'ni aynan budjet segmentida ijara taklif qilish sharti bilan mulk huquqi kafolatlanishi kerak (umuman olganda mulk huquqi har qanday holatda ham kafolatlanishi lozim, lekin achchiq tajribamiz bu masalada ehtiyotkor bo‘lishga undaydi).

3. Ayni paytda ijara bo‘yicha eng qiyin vaziyatda bo‘lgan talabalarga davlat tomonidan mablag‘ ajratilmoqda. Tezkor chora sifatida bu juda yaxshi albatta. Ammo vaqt o‘tib, bozorga qo‘shimcha mablag‘ kirib kelishi narx yanada oshishiga sabab bo‘ladi. Qolaversa, pul taqsimotida korrupsion muhit yuzaga kelishi xavfi ham bor. Pul tarqatishni dastlabki qadam sifatida qabul qilib, asosiy e'tiborni taklifni kengaytirishga qaratish zarur. Bu har bir OTM hududida kampuslarni barpo qilish, yangi ta'lim muassasalar ochilayotganda ma'lum miqdorda turar joy qurish shartini qo‘yish kabi usullarda amalga oshirilishi mumkin.

Xulosa shuki, O‘zbekistonda ko‘chmas mulkni ijaraga berish biznesi hali rivojlanmagan. Ko‘chalarda, xonadonlar derazalarida osilgan “ijaraga beriladi” degan yozuvni uchratmaysiz. Holbuki o‘yin qoidalari shakllansa, qonunlar bilan tartibga solinsa bu ham halol, salmoqli va eng muhimi barqaror daromad manbayi bo‘lish bilan birga soliq manbayiga ham aylanishi muqarrar.

Abror Zohidov

Top