09:54 / 06.09.2021
1217
Jizzaxda qo‘l ostidagi 33 nafar xodim nomiga kredit rasmiylashtirib, o‘zlashtirgan katta hamshira qo‘lga olindi

Jizzax viloyati G‘allaorol tumani tibbiyot birlashmasi jonlantirish bo‘limi katta hamshirasi qo‘l ostidagi 33 nafar xodim nomiga kredit rasmiylashtirib, o‘zlashtirib yuborgan. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, G‘allaorol tumani tibbiyot birlashmasi jonlantirish bo‘limi katta hamshirasi xizmat mavqeyidan foydalangan holda, 2017–2020 yillar davomida qo‘l ostidagi 33 nafar hamshira va farroshlarning ishonuvchanligidan foydalanib, bankdan katta miqdorda kredit rasmiylashtirgan.

Xabarda aytilishicha, hamshira xodimlarga kreditlarda kafil sifatida ishtirok etishini, taklifga rozi bo‘lishsa, navbatchilik kunlariga ularga qo‘shimcha maosh, bayram kunlari va boshqa rag‘batlar chiqarib berishini, kredit to‘lovlarini shaxsan o‘zi to‘lashini, hech qanday muammo bo‘lmasligini aytgan. Shu tariqa ayol 33 nafar hamshira va farroshning nomiga jami 695 million 140 ming so‘m kredit mablag‘i rasmiylashtirgan.

Qayd etilishicha, avvaliga kreditni to‘lab kelgan hamshira keyinchalik qolgan pullarni to‘lay olmasligini aytgan. Oqibatda, kreditning qolgan qismi sud va majburiy ijro orqali jabrlanuvchilardan undirilib, ularning oylik daromadidan ushlab qolingan.

Ta'kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hamshiraga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Top