15:22 / 06.09.2021
11329
Samarqandda maktab direktoridan 2 600 dollar pora olgan vazirlik xodimiga sud hukmi o‘qildi
Foto: KUN.UZ

Samarqand viloyati Payariq tumanida maktabni ta'mirlash rejasiga kiritishini aytib, uning direktoridan 2 600 AQSh dollari olgan Xalq ta'limi vazirligi mas'ul xodimiga sud hukmi o‘qilgan. Bu haqda Oliy sud axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Xalq ta'limi mas'ul xodimi ilgari sodir etgan jinoyati uchun sudlanib, ish haqining 30 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tagan. Ammo belgilangan jazodan yetarlicha xulosa chiqarmasdan yana jinoyatga qo‘l urgan. Jumladan, xodim xizmat vakolatiga kirmasa-da, 2019 yil sentabr oyida Davlat dasturi asosida ta'mirlash rejasiga kiritilgan maktablar ro‘yxatida Payariq tumanidagi maktabning ham borligini bilgach, maktab direktoriga xarajatdan qochmasa, maktabini ta'mirlash rejasiga kiritib berishni va'da qilgan.

Shundan so‘ng maktab direktori talab qilingan 1 300 dollarni mas'ul xodimga bergan. Xodim esa pulni o‘z ehtiyoji uchun sarflab yuborgan. Bu orada maktabga dastur asosida ta'mirlash uchun pul ajratilib, to‘liq ta'mirdan chiqarilgan. 2020 yil iyul oyi boshida mazkur xodim ushbu maktabga inventar jihozlar ajratish dasturga kiritilganidan xabar topib, direktorga yana 1300 dollar bersa, yordam qilishini aytgan. Direktor S.Xolmatova bu taklifga ham rozi bo‘lgan.

Qayd etilishicha, oradan ma'lum vaqt o‘tgandan so‘ng maktab direktori aldanganini bilib qolib, bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi idoraga ariza bilan murojaat qilgan. Murojaat asosida vazirlik xodimiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Sud majlisida mas'ul xodim aybiga iqror bo‘lib, tergov davrida yetkazilgan zararni jabrlanuvchiga qoplab berganini bayon qilgan va suddan yengillik berishni so‘ragan.

Ta'kidlanishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Payariq tumani sudida bo‘lib o‘tgan sud majlisida sudya ayblanuvchining aybiga iqrorligi, yetkazilgan zararni to‘liq qoplaganini jazoni yengillashtiruvchi holat deb topgan. Shuningdek, jinoyatni g‘arazli va past niyatlarda sodir qilganini jazoni og‘irlashtiruvchi holat deb hisoblagan. Unga tayinlangan axloq tuzatish ishlari va muayyan huquqdan mahrum qilish jazolarining o‘talmay qolgan qismini qisman qo‘shish yo‘li bilan 1 yil 6 oy muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilish va ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil 1 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi belgilangan.

Top