08:51 / 07.09.2021
3979
«Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunga qo‘shimchalar kiritildi

2021 yil 25 avgust kungi qonun bilan «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Birinchidan, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va ularning joylardagi organlari fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda, shuningdek qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlikni undirish to‘g‘risidagi da'volar bo‘yicha ishlarni ko‘rib chiqishda davlat bojini to‘lashdan ozod etiladi

Ikkinchidan, iqtisodiy sudlarda quyidagilar davlat bojini to‘lashdan ozod etilishi to‘g‘risidagi qo‘shimcha kiritildi:

  • davlat organlari – o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni buzish to‘g‘risidagi da'volar yuzasidan; 
  • Hisob palatasi – respublikaning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida berilgan da'volar, arizalar va shikoyatlar yuzasidan.

 
Shuningdek, Hisob palatasi ma'muriy sudlarga berilgan O‘zbekistonning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida berilgan arizalar (shikoyatlar) yuzasidan davlat bojini to‘lashdan ozod etiladi. 

Uchinchidan, O‘zbekiston va chet davlatlar hududida tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar, shu jumladan maishiy tusdagi ofatlar (turar joylarning yoki yashash uchun mo‘ljallanmagan joylarning yong‘ini, qulashi, transport vositalarining yonishi) yuz berganligi natijasida jabrlangan jismoniy shaxslar:

  • notarial harakatlarni amalga oshirishda – ularga hujjatlarning dublikatlari, ko‘chirma nusxalari, notarial harakatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish reyestridan ko‘chirmalar berilganligi uchun;
  • fuqarolik holati dalolatnomalari qayd etishda – ularga guvohnomalar berganlik uchun; 
  • migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasidagi hujjatlarni rasmiylashtirish va berishda – yo‘qolgan yoki yaroqsiz holga kelgan hujjatlar o‘rniga quyidagilar berilganligi uchun:
  • O‘zbekiston fuqarosi identifikatsiyalovchi ID-kartasi (biometrik pasporti);
  • O‘zbekistonda doimiy yashovchi chet davlat fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning identifikatsiyalovchi ID-kartasi (yashash uchun ruxsatnomasi);
  • O‘zbekiston fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasporti, O‘zbekiston hududida doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning xorijga chiqish uchun biometrik harakatlanish hujjati;
  • respublika hududida vaqtincha bo‘lib turgan chet davlat fuqarosiga yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga pasportning yoki uning o‘rnini bosuvchi hujjatning yo‘qolgani to‘g‘risidagi ma'lumotnoma;
  • migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasidagi hujjatlarni rasmiylashtirish va berishda O‘zbekistonga taklif qilish to‘g‘risidagi hujjat berilganligi uchun davlat bojini to‘lashdan ozod etiladi.

Shuningdek, ushbu shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan, yaroqsiz holga kelgan, muayyan faktni tasdiqlaydigan hujjatlarini tiklash chog‘ida, shuningdek O‘zbekistonning vakolatxonalari yoki konsullik muassasalari tomonidan ushbu hujjatlarning ko‘chirma nusxalari, dublikatlari hamda ularning mavjudligi haqidagi ma'lumotnomalar talab qilib olinganda konsullik yig‘imlarini to‘lashdan ozod etiladi. 

Mavzuga oid
Top