08:23 / 07.09.2021
3298
Iste'molchilarni elektr tarmoqlariga ulash bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish tartibi belgilandi  

Hukumat qarori bilan Yuridik va jismoniy shaxslarni elektr tarmoqlariga ulash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti tasdiqlandi.

Iste'molchi elektr tarmoqlariga ulanish uchun Davlat xizmatlari markazlariga o‘zi kelib murojaat etadi yoki YaIDXP yoxud “ELEKTR” dasturiy ta'minoti (Onlayn platforma) orqali ro‘yxatdan o‘tadi.

So‘rovnoma to‘ldirilib, tegishli ma'lumotlar taqdim etiladi. Xizmat uchun BHMning 10 foizi (27 ming so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi. YaIDXP orqali murojaat etilganda yig‘im miqdori 24 300 so‘mni tashkil etadi. 

Iste'molchilar elektr tarmoqlariga ulanish uchun Onlayn platforma orqali davlat xizmatidan elektron tarzda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tgan holda murojaat etganda yig‘im undirilmaydi.

Iste'molchi murojaat etgan kundan boshlab 3 ish kunida elektr tarmoqlariga ulanishni rad etgan taqdirda, tegishli to‘lov summasi iste'molchiga 3 ish kunida qaytarib beriladi.

Ulanadigan quvvati 20 kVt.gacha bo‘lgan iste'molchilarni elektr tarmoqlariga ulash uchun elektr ta'minoti loyihasini ishlab chiqish talab etilmaydi. Bunda HETK tomonidan ishlab chiqilgan elektr tarmoqlariga ulash sxemasi elektr ta'minoti loyihasi hisoblanadi va uni kelishish talab etilmaydi.

Ulanadigan quvvati 50 kVt.gacha bo‘lgan iste'molchilarni elektr tarmoqlariga ulash belgilangan muddatlarda tabaqalashgan bir martalik to‘lov asosida amalga oshiriladi.

Mazkur tartib 2022 yil 1 yanvardan boshlab kuchga kiritiladi.

Top