10:00 / 07.09.2021
3324

“O‘zbekinvest” hamda Investitsiyalar va eksport kreditlarini sug‘urtalash bo‘yicha Islom korporatsiyasi bilan hamkorlik Memorandumi tuzildi

Investitsiyalar va eksport kreditlarini sug‘urtalash bo‘yicha Islom korporatsiyasi delegatsiyasi shu kunlarda Toshkentda o‘tkazilgan Islom taraqqiyot Banki  boshqaruvi  direktorlarining 46 yillik faoliyatiga bag‘ishlangan yig‘ilishida ishtirok etdi.

Ushbu yig‘ilish doirasida joriy yilning 31 avgust kuni Toshkent xalqaro Kongresslar markazida Investitsiyalar va eksport kreditlarini sug‘urtalash bo‘yicha Islom korporatsiyasining ijrochi direktori janob Usama Kaissi va “O‘zbekinvest” EISK AJning rahbariyati o‘rtasida muzokara bo‘lib o‘tdi. Muzokara natijasida sanoat, qishloq va kommunal xo‘jaligi, transport, ta'lim, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalardagi ikki tomonlama va mintaqaviy investitsiya loyihalarini sug‘urta qilish va qayta sug‘urtalash sohasidagi hamkorlikni ko‘zda tutuvchi hamkorlik Memorandumi imzolandi.

Jumladan, imzolangan Memorandumga asosan, investitsiyalar va eksport kreditlarini sug‘urtalash bo‘yicha Islom korporatsiyasi va “O‘zbekinvest” EISK AJning o‘rtasida axborot almashish, kadrlar tayyorlash va eksportchi investorlar uchun yangi sug‘urta mahsulotlarini ishlab chiqish sohasidagi hamkorlik ham ko‘zda tutilgan.

“O‘zbekinvest” EISK AJ haqida

Eslatib o‘tamiz, 1994 yilda tashkil etilgan “O‘zbekinvest” eksport-import sug‘urta kompaniyasi yurtimiz va xorijda eksport va investitsiyalarni sug‘urtalashda katta muvaffaqiyatlarga erishgan O‘zbekiston Respublikasining eng yirik sug‘urta kompaniyasi hisoblanadi.

 Xususan, 2021 yilning 7 oyi yakunlari bo‘yicha kompaniya milliy eksportchilar va tijorat banklarining iqtisodiy manfaatlarini siyosiy va tijoriy tavakkalchiliklardan 936 mln AQSh dollaridan ziyod miqdordagi sug‘urta himoyasi bilan ta'minladi.

“O‘zbekinvest” eksport-import sug‘urta kompaniyasi xorijiy eksport kredit agentliklari bilan hamkorlik to‘g‘risida imzolangan 34 ta bitim va o‘zaro memorandumlar asosida ish yuritadi.

«O‘zbekinvest» EISK AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Top