11:13 / 07.09.2021
5097
O‘zbekistonda yiliga to‘rt marta pilla yetishtirilishi yo‘lga qo‘yildi

Pilla yetishtirish hajmini oshirish, kasanachilarni sohada yil davomida ko‘proq ish bilan band qilish maqsadida O‘zbekistonning har bir hududida bir yilda 4 marotaba pilla yetishtirish jarayoni yo‘lga qo‘yildi.

2017 yilga qadar O‘zbekistonda bir yilda bir marotaba pilla yetishtirilar va bu jarayonda aholi bor-yo‘g‘i 35-40 kun davomida band bo‘lar edi. Bunda O‘zbekistonda iqlim sharoiti takroriy pilla yetishtirish uchun mos deb hisoblanmagan. Chunki, o‘zgaruvchan ob-havo sharoiti(o‘ta issiq yoki sovuq havo harorati)da yetishtirilgan pillaning ipakchanlik ko‘rsatkichi juda past bo‘lishi, buning natijasida pillani qayta ishlash, ya'ni ipak tolasi ishlab chiqarish uchun xarajatlar keskin ortib ketar edi. 

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi bergan ma'lumotlarga qaraganda bugungi kunda pilla yetishtiruvchi kasanachilar sohada 7 oy davomida uzluksiz ish bilan bo‘lmoqdalar. Shu kunlarda kasanachilar joriy yil pilla yetishtirishning uchinchi mavsumiga kirishdilar. Umumiy miqdorda 41 810 quti ipak qurti urug‘lari jonlantirish uchun inkubatoriyalarga qo‘yilib, shartnoma asosida kasanachilarga tarqatib berildi.

Ayni paytda Andijon viloyatida 7 ming quti, Samarqand viloyatida 5 190 quti, Buxoro viloyatida 4 200 quti ipak qurti urug‘lari parvarish qilinmoqda.

Har bir kasanachi xonadoniga 1 quti ipak qurti urug‘i tarqatilgan bo‘lsa, shu xonadonda kamida 2-3 nafar kishi pilla yetishtirish jarayonlari bilan mashg‘ul bo‘ladi. Bu esa uchinchi va to‘rtinchi mavsumlarda pilla yetishtirish uchun o‘rtacha 200 ming nafarga yaqin kasanachilar mehnat bilan mashg‘ul bo‘lishini anglatadi.

Sentabr va oktabr oylarida ham ipak qurti parvarishi respublikamiz bo‘ylab davom ettiriladi va to‘rtinchi mavsum uchun yana 40 ming qutidan ziyod ipak qurti urug‘lari jonlantiriladi. 

Mavsumlar yakunida pillachilik klasterlari tomonidan yetishtirilgan 1 kg pilla hosili uchun 22 400 so‘mdan 30 ming so‘mgacha ish haqi to‘lab berilishi kelishib olingan.

Bugungi kunda mamlakatimizda faqatgina ipak tolasi emas, jahon bozorida xaridorgir bo‘lgan ipak momig‘i ham ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Ipak momig‘i ishlab chiqarishda pillaning sifat ko‘rsatkichi asosiy rol o‘ynamaydi. Shu sababdan uchinchi va to‘rtinchi mavsumlarda yetishtirilgan pilla xomashyosining asosiy qismi ipak momig‘i ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi.

Mavzuga oid
Top