09:01 / 07.09.2021
67213
«Shoushenkdan qochish» kabi. Olti falastinlik Isroil qamoqxonasidan qoshiq bilan tonnel qazib qochdi

Isroilda noodatiy voqea sodir bo‘ldi. «Shoushenkdan qochish» filmidan ilhomlangan olti nafar falastinlik Isroil qamoqxonasidan kamerani qazib qochdi.

6 sentyabrga o‘tar kechasi Isroil politsiyasi, «Shin-Bet» xavfsizlik kuchlari, chegarachilar va armiya maxsus otryadlari oyoqqa turdi. Chunki mamlakatdagi eng jiddiy qo‘riqlanadigan va «seyf» nomini olgan «Gilboa» qamoqxonasidan 6 nafar mahbus qochgandi. Ular qamoqxona kamerasidan tonnel qazib, qochib ketishgan.

Kameradan qazilgan tonnel qamoqxona devoridan uncha uzoq bo‘lmagan daladan chiqqan. Bir odam sig‘adigan kenglikda bo‘lgan maxfiy yo‘lni qamoqdan qochgan 6 nafar falastinlik zanglagan qoshiq yordamida qazigani aytilmoqda. Ular qoshiqni nazoratchilardan plakat orqali yashirishgan (xuddi «Shoushenkdan qochish» filmidagi qahramon tonnelni plakat bilan yashirgani kabi). Mahbuslar soat 03:30 atrofida qochib ketgan. Ularni tong sahar yerini sug‘orayotgan dehqon ko‘rib qolib, politsiyaga murojaat qiladi. Shundan keyin qamoqxonadagilar mahbuslar qochib ketganini bilib qolishadi.

Ma'lum bo‘lishicha, qochganlar orasida Falastin ozodligi harakatining «Al Aqso mujohidlari brigadasi» qanoti dala qo‘mondoni Zakariyo Zubaydiy ham bo‘lgan. Qochganlarning barchasi bitta kamerada bo‘lgan va ular yo‘qligini sahar soat 04:00 da bilib qolishgan.

Zubaydiy va odamlari qamoqxona kamerasidagi unitazni olib, pastini teshib, umumiy drenaj tizimiga tushib olishgan va qo‘lbola hisob-kitoblar yordamida dalaga chiqadigan yo‘lni topib, kamida ikki oy davomida tonnel qazigan.

«Gilboa» qamoqxonasi

Hozirda Falastin bilan chegara yopilgan, G‘arbiy Sohilga olib boradigan barcha yo‘llar yopib qo‘yilgan.

Dastlabki tekshiruvlarga ko‘ra qamoqdan qochgan falastinliklarni chiqqan joyi yaqinida mashina kutib turgan. Tashqaridagilar esa qamoqxonaga noqonuniy olib kirilgan telefon yordamida boxabar qilingan bo‘lishi mumkin. Qamoqxona nazoratchilari mahbuslar kamera ostidagi betonni qanday teshib o‘tganini hamon tushunmayapti. Qamoqxona rahbariyati bu qochishni sharmandali holat deb atagan.

Qochib ketgan barcha falastinliklar bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilingandi. Qochganlar ichida eng mashhuri Zakariyo Zubaydiy falastinliklar orasida qahramondek qabul qilinadi. U 2000-2005 yillarda davom etgan, Isroilga qarshi amalga oshirilgan Falastinni ozod qilish harakatining ramzidir. Zubaydiy 2007 yilda qidiruvga berilgan va 2019 yilda qo‘lga olingan. Qolgan 5 falastinlik ham Zubaydiyning odamlari bo‘lgan.

Isroil Falastin bilan chegarada jiddiy nazorat o‘rnatish bilan birga Iordaniya bilan chegarada ham nazoratni kuchaytirgan. Chunki qochganlar Iordaniya orqali mamlakatni tark etishi ham istisno qilinmayapti. Ayniqsa, Zubaydiy tug‘ilib o‘sgan Jyenin shahriga olib boradigan yo‘lda nazorat kuchaygan. Butun mamlakat bo‘ylab qo‘shimcha 82 ta nazorat punkti paydo bo‘lgan.

Isroil bosh vaziri Naftali Bennet mamlakat ichki xavfsizlik vaziri bilan suhbatda qochgan falastinliklarni topish uchun barcha ishlar qilinishi kerakligini aytgan.

Falastinda Isroil qamoqxonasidan qochganlarni qahramonlar deb atashmoqda. HAMAS buni «buyuk g‘alaba» deb atagan: «Bu jangchilarimizning irodasini qamoqxona ham sindira olmasligini isbotlovchi buyuk g‘alaba», deb HAMASning so‘zlarini keltirgan VVS.

Al Jazeera qamoqxona oldidan tezkor reportaj tayyorladi. Unda aytilishicha, bu qamoqxonadan 2014 yilda ham qochmoqchi bo‘lishgan, lekin ular qo‘lga tushgan. Shuningdek, ayni damda qamoqxonada bo‘lib turgan boshqa falastinliklar jiddiy suhbatdan o‘tkazilayotgani ma'lum. Telekanal Falastinda ham bo‘lib reportaj tayyorlagan. Kadrlarda HAMAS vakillari «buyuk g‘alaba» sharafiga lozunglar ko‘targani va odamlarga shirinlik tarqatayotganini ko‘rish mumkin. Mikrofon tutilgan falastinliklarning barchasi Isroil qamoqxonasidan qochganlar ularda g‘urur tuyg‘usini uyg‘otganini aytgan.

Hozirda Isroil maxsus kuchlari mahbuslar qochgan kamera va ular qochgan yo‘lakni, shuningdek, qamoqxona nazoratchilarini, ularning telefonlarini tekshirmoqda.

Top