13:40 / 07.09.2021
1250
Surxondaryoda aholini ichimlik suv bilan ta'minlaydigan yirik loyihani boshlashga start berildi

Surxondaryo viloyatining barcha tuman va shaharlari aholisini toza ichimlik suv bilan ta'minlaydigan yirik loyihani boshlashga start berilgan. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 5 sentabr kuni Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari O.Ramatov, Surxondaryo viloyati hokimi T.Bobolov, senator A.Sanginov Sariosiyo tumanida bo‘lib, viloyatning barcha tuman va shaharlarini ichimlik suv bilan ta'minlaydigan yirik loyihaga start berilgan.

Qayd etilishicha, bugungi kunda Surxondaryo viloyati aholisining 44,6 foizi markazlashgan ichimlik suv bilan ta'minlanmagan. 218 ta suv inshooti va 3 ming kilometrdan ziyod tarmoqlar ta'mirga muhtoj. Viloyatning janubiy tumanlari va Termiz shahrida suv mineralizatsiyasi miqdori oshgan.

Shu bois «To‘palang» suv omboridan viloyat bo‘ylab ichimlik suv tarmog‘i tortish bo‘yicha dastlabki loyiha ishlab chiqilgan. Loyihaga ko‘ra «To‘palang» suv omborining quyi qismida bosimni so‘ndirish, suvni tozalash va tarqatish inshootlari quriladi. U yerdan tumanlardagi suv taqsimlash uzellarigacha jami 361 kilometr quvur tortiladi. Loyiha amalga oshirilgach, Sariosiyo, Denov, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on, Bandixon, Qiziriq, Sherobod, Angor, Muzrabot, Termiz tumanlari va Termiz shahridagi 1 million 700 ming aholining suv ta'minoti yaxshilanadi.

Ta'kidlanishicha, loyihaning umumiy qiymati 138 million dollar bo‘lishi hisob-kitob qilingan. U mahalliy «Toʼpalang HPD Platinum» korxonasi tomonidan 2021-2023 yillar davomida bosqichma-bosqich ishga tushirilishi belgilangan.

Top